Koreya tajribasi asosida issiqlik ta’minoti tizimi modernizatsiya qilinadi
O‘zbekistonda markazlashgan issiqlik ta’minoti tizimini zamonaviylashtirish va energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha xalqaro hamkorlik izchil davom etmoqda. Bu borada Koreya Respublikasining ilg‘or tajribasini joriy etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
2024-yilda O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda Koreya issiqlik korporatsiyasi (KDHC) o‘rtasida imzolangan ikki tomonlama Anglashuv memorandumi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar yana bir muhim bosqichga yetdi.
Shu munosabat bilan «Issiqlikta’minoti» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Ilhom To‘rayev hamda Koreya Respublikasidan tashrif buyurgan mutaxassislar ishtirokida «2025–2026-yillar O‘zbekiston KSP dasturi yakuniy hisoboti» muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.

Tadbir davomida mamlakatning markazlashgan issiqlik ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilgan tahlillar, texnik-iqtisodiy hisob-kitoblar va istiqbolli takliflar taqdim etildi.
Ayniqsa, Farg‘ona viloyatida biomassa xomashyosi asosida elektr va issiqlik energiyasi ishlab chiqarish loyihasiga alohida e’tibor qaratildi. Mutaxassislar ushbu texnologiya qishloq xo‘jaligi chiqindilaridan samarali foydalanish imkonini berishi, qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushini oshirishi hamda hududlarning energiya mustaqilligini mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.

Shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya manbalariga asoslangan mustaqil issiqlik ta’minoti modellarini joriy etish, energiya tejamkor texnologiyalarni keng qo‘llash va atmosferaga chiqariladigan issiqxona gazlari hajmini kamaytirish bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqotlar natijalari ham muhokama qilindi.
Koreyalik ekspertlar xulosasiga ko‘ra, biomassa asosidagi loyihalarni amalga oshirish orqali tabiiy gaz iste’molini sezilarli darajada qisqartirish, issiqlik energiyasi manbalarini diversifikatsiya qilish hamda yillik uglerod chiqindilarini kamaytirish mumkin. Bu esa mamlakatning «yashil iqtisodiyot»ga o‘tish strategiyasi va energiya xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalarga hamohang.

O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi mazkur hamkorlik nafaqat ilg‘or texnologiyalar va innovatsion yechimlarni joriy etish, balki mahalliy kadrlar malakasini oshirish, energiya samaradorligini yuksaltirish va aholini barqaror issiqlik ta’minoti bilan ta’minlashda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Kelgusida ushbu hamkorlik doirasida ishlab chiqilgan takliflarni amaliyotga bosqichma-bosqich joriy etish mamlakatda zamonaviy, ekologik toza va iqtisodiy jihatdan samarali issiqlik ta’minoti tizimini shakllantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA