Ko‘p qavatli uyda noqonuniy gaz iste’moli bo‘yicha aniqlangan holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv boshlandi
So‘nggi yillarda mamlakatimizda tabiiy gazdan oqilona va xavfsiz foydalanishni ta’minlash, shuningdek, noqonuniy ulanishlar va energetik yo‘qotishlarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar izchil kuchaytirilmoqda.
Gaz tarmoqlarida qonunbuzarliklarni aniqlash, ularni bartaraf etish va iste’molchilar o‘rtasida mas’uliyatni oshirish energetika xavfsizligining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. O‘tkazilayotgan nazorat tadbirlari, ayniqsa, ko‘p qavatli uy-joylar va xususiy korxonalarda gazdan foydalanish qoidalariga rioya etilishini tekshirishda alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Shu yo‘nalishda o‘tkazilgan navbatdagi nazorat tadbirlari davomida Samarqand shahridagi ko‘p qavatli uylarda 1,9 milliard so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati aniqlandi.
“O‘zenergoinspeksiya” axborot xizmatiga ko‘ra, tekshiruv davomida “S. C. L.” MCHJga qarashli ko‘p qavatli uy binosi loyiha hujjatlari rasmiylashtirilmasdan tarmoqqa to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulanib, tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelayotgani ma’lum bo‘ldi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur qoidabuzarlik natijasida gaz ta’minoti korxonasiga 1 milliard 992 million so‘mlik zarar yetkazilgani qayd etildi.
Hozirda huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan ushbu holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA