Kooperatsiya aloqalari mustahkamlanmoqda
Gulistonda Sirdaryo viloyatidagi yirik sanoat korxonalari hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari ishtirokida hududiy sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi o‘tkazildi.
Gulistonda Sirdaryo viloyatidagi yirik sanoat korxonalari hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari ishtirokida hududiy sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi o‘tkazildi.Unda viloyatda faoliyat yuritayotgan yirik va kichik ishlab chiqarish korxonalari, xususiy tadbirkorlar bilan birga, mamlakatimizning boshqa hududlaridan 200 ga yaqin korxona mingdan ortiq mahsulotlari bilan ishtirok etdi.
Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar mahalliy xomashyo asosida raqobatbardosh, eksportbop va import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar, butlovchi va ehtiyot qismlar ishlab chiqarayotgan yirik sanoat korxonalarining kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari bilan hamkorligini mustahkamlashda muhim omil bo‘layotgani ta’kidlandi. Xususan, mahalliylashtirish dasturining samarali amalga oshirilishi natijasida ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasidagi kooperatsiya aloqalari rivojlanib, mahsulot turi va sifati oshmoqda, import o‘rnini bosuvchi, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish kengaymoqda.
Buni joriy yilgi hududiy yarmarkada o‘z mahsuloti bilan qatnashgan sanoat korxonalari soni o‘tgan yilga nisbatan 102,9 foiz ko‘payib, ularning 85 foizini kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari tashkil etayotganida ham ko‘rish mumkin. 2015-yilgi hududiy sanoat yarmarkasida 11,6 milliard so‘mlik shartnomalar imzolangan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 16,5 milliard so‘mdan oshishi kutilmoqda.
Ko‘rgazmada qurilish materiallari, mebel, gilam va trikotaj buyumlari, mashinasozlik, xalq iste’moli mollari, oziq-ovqat mahsulotlari keng assortimentda namoyish etildi. Savdo va xizmat ko‘rsatish korxonalari, fermer xo‘jaliklari, tadbirkorlar mahsulot xarid qilish yuzasidan shu yerning o‘zida kelishuvga erishib, shartnomalar imzoladi. Viloyat iqtisodiyot bosh boshqarmasi, tijorat banklari va boshqa mutasaddi tashkilotlar bu borada ularga uslubiy va amaliy yordam ko‘rsatdi.
– Yarmarka biz, tadbirkorlar uchun o‘z mahsulotimizni namoyish etish va xaridor topish, ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishda qulay imkoniyatlar yaratmoqda, – deydi Guliston shahridagi “Nilufar gullari” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Dilshod Tojiboyev. – O‘tgan yili 300 million so‘mlik mahsulot sotdik. 150 million so‘m miqdoridagi mebellarni xorijga eksport qildik. Bu yilgi yarmarkada 250 xil ofis, uy, oshxona, ta’lim muassasalari va boshqa tashkilotlarga mo‘ljallangan mebellarimiz bilan qatnashib, 25 dan ortiq shartnoma imzoladik.