Ko‘nyada hamma narsa Mavlono Rumiyni eslatadi...
Turkiya Respublikasi bo‘ylab xorijiy jurnalistlar uchun tashkil etilgan Press-tur dasturining 2-kuni tartibida dastlabki manzil sifatida Ko‘nya shahridagi “Panorama” muzeyi ko‘rsatilgan edi.
Dastlabki maqolada eslaganimiz – Ko‘nya shahri, deganda ushbu shahar haqida birozgina tasavvurga ega bo‘lgan kishining xayoliga keladigan ilk fikr Mavlono Jaloliddin Rumiy hazratlarining shu yerda yashab, vafot etgani haqidagi fakt OAV uchun tayyorlangan sayohat ob’ektlarining birinchisidayoq o‘z isbotini topgandek bo‘ldi. Zero, “Panorama” majmuasi o‘z nomidan kelib chiqadigan bo‘lsak, ko‘hna kentning butun tarixini qamrab olgan, shahar haqida har tomonlama, keng tasavvur beradigan muzey bo‘lishi kerak edi. Binobarin, binoni aylanib chiqqach, amin bo‘ldikki, muzey eksponatlarining aksariyati bevosita yoxud bilvosita Mavlono nomi, darveshlar hayoti, yashash tarzi, so‘fiylik an’analari bilan bog‘liq ekan.
Umuman, nafaqat bu muzeyda, balki butun Ko‘nyada asosiy madaniy, me’moriy yodgorliklar, tarixiy inshootlarni-ku qo‘ya turing, har bir xarsang, keksa daraxt va hatto, tog‘ cho‘qqilarigacha Rumiyni eslatadi. Shaharni har tomondan o‘rab turgan qirliklar, Tavr tog‘ tizmasining eng baland ikki nuqtasi – go‘yoki, qadim qal’ani ikki tomondan muhofaza qilib turadigan, xuddi quyib quygandek bir-biriga o‘xshash, balandligi ham bir xil 1600 metrga teng egizak cho‘qqi ham darveshlar bosh kiyimiga nisbat berilib, “Takke”, ya’ni “qalpoq”, deb atalgan. Hayratlanarli joyi shundaki, balandliklarga shunchaki nom berilmagan, aksincha, cho‘qqilar ko‘rinishidan aynan darveshlar doimiy kiyib yuradigan qalpoqni eslatib yuboradi.
Mavzuga qaytamiz: “Panorama muzeyining birinchi qavati to‘liq Mavlono Jaloliddin Rumyning hayoti, faoliyati, umr yo‘li tasvirlangan kartinalar uchun ajratilgan. Ozarbayjonlik iste’dodli rassom Teymur Rizayev mo‘yqalamiga mansub rasmlar faylasuf allomaning 5-6 yoshligidan boshlab, to umrining oxirigacha bo‘lgan davrni badiiy ifoda uslubida qamrab olgan. Yoshgina Jaloliddinning oilasi bilan Balxdan yo‘lga chiqib, Bag‘dod va Makka-yu, Madina orqali Ko‘nyaga yetib kelguncha ro‘y bergan sarguzashtlar, tarixiy shaxslar bilan kechgan suhbatlar, xususan, ustozi Shamsiddin Tabriziy bilan ilk uchrashuvi va tarixiy manbalarda keltirilgan boshqa qiziqarli voqea-hodisalar tomoshabinlarga qimmatli ma’lumotlar beradi.
Boshqa bir bo‘limda mijozlar e’tiboriga o‘sha davr ruhini beruvchi bino-inshootlar, karvonsaroylar, bozor, hunarmandlik ustaxonalari, so‘fiylik tariqati vakillarining asosiy hunari bo‘lmish jundan mato hosil qilish va kiyim-kechak tikish va to‘qish, turli buyumlar yasash bilan bog‘liq, odamlarning mo‘miyodan yasalgan haykallari, masalan, mavlononing shogirdlari bilan suhbati, munosabati, ta’lim berish, ilm olish, zikr qilish jarayoni va boshqa harakatlar aks etgan tasvirlar havola etiladi.
“Irfon madaniyati” yoki qisqacha qilib IRFA, deb nomlangan tadqiqot va madaniyat markazi chet ellik jurnalistlarga shu kuni tanishtiriladigan navbatdagi manzil bo‘ldi. Bu yerda ham ko‘hna Ko‘nya tarixiga aloqador an’ana, urf-odat va marosimlar o‘rgatiladigan, xususan, samo raqsini ijro etuvchilar, ularga jo‘r bo‘lib turuvchi musiqachi, bastakor ijodkorlar tayyorlanadigan maktab, to‘garaklar, hunarmandlik bo‘limlari, do‘konlar joylashgan.
Bir so‘z bilan aytganda, 2017 yil foydalanishga topshirilgan, yonma-yon barpo etilgan “Panorama” muzeyi va IRFA tadqiqot va madaniyat markazi doim mahalliy va xorijiy sayyohlar bilan gavjum.
Tan olish kerak, koronavirus epidemiyasi Turkiya, jumladan Ko‘nya shahri turistik salohiyatiga sezilarli salbiy ta’sir o‘tkazdi. Binobarin, pandemiya yumshashi bilan mamlakat va mahalliy hukumat vakillari sayyohlar uchun barcha zarur sharoitlarni muhayyo etgan, xavfsizlik choralarini to‘liq ko‘rgan holda mijozlarga xizmat ko‘rsata boshladilar.
Ko‘nya bo‘ylab safarimiz davom etmoqda.
G‘ayrat XONNAZAROV,
O‘zA maxsus muxbiri.
Turkiyaning Ko‘nya shahridan tayyorlandi.