Konstitutsiyaviy islohotlarda konchilar ham faol
“O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi umumxalq muhokamasi davom etmoqda.
Loyihada 64 ta moddani o‘zgartish va 6 ta yangi modda qo‘shish taklif etilmoqda. Ular orasida inson huquq va erkinliklari hamda ijtimoiy sohalarda muhim yangilanishlar bor.
Ushbu qonun muhokamasi bo‘yicha joylarda uchrashuvlar, davra suhbatlari tashkil etilmoqda. Tadbirlarda Bosh qomusimizga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning mazmun-mohiyati muhokama etilmoqda. Ana shunday davra suhbatlaridan biri “Olmaliq KMK” AJ Markaziy ta’mirlash-mexanika zavodida tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston qahramoni, “Qalmoqqir” kon boshqarmasi mehnat faxriysi Jonsaid Turdiyev va O‘zbekiston Liberal Demokratik Partiyasi Olmaliq shahar Kengashi deputati Bahodir Miralimov, OKMK ishchi-xodimlari, boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlari rahbarlari va faollari ishtirok etdi.
Unda so‘nggi yillarda yurtimizda yuz bergan yangilanishlar, Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning mazmun-mohiyati haqida takliflar bildirildi.
– O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarda jamiyatimizning barcha vakillari befarq bo‘lmasdan, o‘z taklif va mulohazalari bilan faol ishtirok etmoqda, – deydi OKMK xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi raisi Abdurashid Haydarov. – Konstitutsiyamizni takomillashtirish bo‘yicha kelib tushgan ko‘plab takliflarni inobatga olib, joriy yil 20 may kuni Oliy Majlis palatalari Kengashlari tomonidan Konstitutsiyaviy komissiya tuzildi.
Hozirgi kunga qadar mazkur komissiyaga 60 mingdan ziyod takliflar kelib tushdi. O‘z navbatida davlatimiz rahbari aholining bunday faolligini, mamlakatimiz kelajagiga daxldorlik hissini yuksak baholab, konstitutsiyaviy islohotlar yuzasidan o‘z fikrlarini bildirib, Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvda to‘rtta ustuvor yo‘nalishga e’tibor qaratib, ularning har biri bo‘yicha takliflarini aytdi. Inson, uning hayoti, erkinligi, qadr-qimmati, daxlsiz huquqlari va manfaatlari masalasi birinchi yo‘nalish sifatida ko‘rsatib o‘tildi. Ikkinchi yo‘nalishda “O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” degan g‘oya ilgari surildi. Ma’lumki, ijtimoiy davlat har bir inson uchun munosib yashash sharoitlarini yaratib beradi, hech kim e’tibordan chetda qolmaydi, o‘z muammolari bilan yolg‘iz tashlab qo‘yilmaydi.
Shu bois bu yo‘nalishda aholini uy-joy bilan ta’minlash, oilaning iqtisodiy va ma’naviy asoslarini mustahkamlash, bolalarning manfaatlari, to‘laqonli rivojlanishi uchun barcha sharoitlarni yaratish, nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash, inson salomatligi hamda ekologiyani asrashga oid takliflar bildirildi. Uchinchi yo‘nalish Konstitutsiyada mahallaning maqomini hamda davlat organlarining bu boradagi vazifalarini aniq belgilash haqida bo‘ldi. Bunda mahallalarning davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmasligi, joylardagi mahalliy ahamiyatga molik masalalarni mustaqil hal etishi, buning uchun davlat organlari ularga ko‘mak ko‘rsatishiga oid tamoyillar o‘z ifodasini topadi. To‘rtinchi yo‘nalish mamlakatimizda davlat boshqaruvini takomillashtirish, xalq hokimiyatchiligini kuchaytirishga qaratilgani bilan juda muhim.
O‘z navbatida, joriy yilning 24 iyun sanasida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasida “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy Qonun loyihasi yuzasidan jamoatchilik eshituvi o‘tkazildi.
Umida Djalilova,
OKMK xodimlari kasaba uyushmasi Kengashi tashkiliy masalalar bo‘yicha yetakchi mutaxassisi.
O‘zA