Konstitutsiya targ‘ibotiga bag‘ishlandi
O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida” gi qonun loyihasining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan turli davra suhbatlari, uchrashuv va tadbirlar tashkil etilmoqda.
Tashviqot tadbirlarining navbatdagisi Xovos tumanida ochiq osmon ostida “Insonga farovonlik, jamiyatga erkinlik, davlatga mas’uliyat!” shiori ostida tashkil qilindi. Unda OʻzLiDeP Sirdaryo viloyati Kengashi rahbari Sh.Bozorboyeva, partiyaning tuman Kengashi rahbari B.O‘ralov, partiyaning tuman Kengashi deputati T.Razzoqov, mahalla faxriylari va yoshlar ishtirok etdi.


Asosiy qonunimizdan o‘rin olayotgan normalar mamlakatimizning buguni va ertasi uchun ulkan ahamiyatga ega. Jamiyatimizni liberallashtirish, demokratlashtirish tarafdori bo‘lgan O‘zLiDeP hozirgi jarayonlarda “Biz ochiqlik va oshkoralikni tanlaymiz!”, “Birgalikda ochiq jamiyat sari!” kabi shiorlarni ham ilgari surmoqda. Siyosiy kuchning g‘oyat faolligi nafaqat konstitutsiyaviy islohotlarning tashabbuskorlaridan biri ekanligi bilan, balki asosiy qonun takomillashtirilishi asosida turuvchi g‘oyalar partiya dasturiy qarashlariga hamohang ekanligi ta’kidlandi.


Notiqlar qayd etganidek, hujjatda kambag‘allikni qisqartirish, bandlikni ta’minlash, ishsizlikdan himoya qilish bo‘yicha davlat o‘ziga bir qator yangi majburiyatlar olishi belgilanmoqda. Umuman davlatning ijtimoiy majburiyatlariga doir normalar uch barobarga oshmoqda. Ilk marotaba davlat zimmasiga aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarining hayot sifatini oshirish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyat va davlat hayotida to‘laqonli ishtirok etishi va o‘z huquqlarini amalga oshirishi uchun sharoitlar yaratish choralarini ko‘rish majburiyati yuklanmoqda.


Tadbirda partiya faollari, tadbirkor va ishbilarmonlar, faxriylar va yoshlar ham so‘zga chiqib, xalqimiz taqdiri va ertangi kunini belgilab beradigan tarixiy qonunga befarq bo‘lmasdan 30 aprelda bo‘lib o‘tadigan referendumda yangilanayotgan konstitutsiya uchun ovoz berishga chaqirdi. Tadbir konsert dasturiga ulandi, estrada xonandalarning kuy-qo‘shiqlari qatnashchilarga zavq ulashdi.
Shuhrat Suyarov, O‘zA