Konstitutsiya – taraqqiyot va adolat poydevori
Har bir davlat taraqqiyotining muayyan bosqichida Bosh qonunini zamon talabi va xalq ehtiyojidan kelib chiqib o‘zgartirishi yoki unga qo‘shimchalar kiritishi mumkin.
Ma’lumki, rivojlangan mamlakatlar Konstitutsiyalari ham xalq irodasi va talabi bilan bir necha bor o‘zgargan. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligidagi keng ko‘lamli islohotlar hayotimizning deyarli barcha jabhalarini qamrab oldi hamda har bir sohaga yangicha yondashuv va ruh olib kirmoqda.
Ayni paytda yurtimizda “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining umumxalq muhokamasi davom etmoqda.
Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yil 20 iyun kuni Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda aniq maqsadli 14 ta takliflari ilgari surildi. Aytish mumkinki, mazkur takliflarning barchasi inson va uning manfaatlariga, huquq va erkinliklari kafolatiga qaratilganligi bilan g‘oyat muhim va ahamiyatlidir. Darhaqiqat, bugun konstitutsiyaviy islohotlar – yangi davr talabiga aylandi.
Chunki bugungi xalqimiz – kechagi xalq emas. bugungi O‘zbekiston ham – kechagi O‘zbekiston emas. Bugun biz odamlari har tomonlama erkin va farovon yashaydigan yangi davlatni barpo etishdek ulug‘ bir maqsad yo‘lida yashamoqdamiz. Bunday qudratli safda bo‘lishning o‘zi esa har birimiz uchun ulkan baxt va benihoya katta sharafdir.
Bugun ko‘cha-ko‘y, ijtimoiy tarmoqlar, ilmiy doiralar va eng asosiysi, yurtdoshlarimizning har bir o‘zaro diydorlashuv onlarida ham ayni masala bosh mavzuga aylanib bo‘ldi. Muhokamlar jarayonini kuzatib, xalqimiz o‘z taqdirini o‘zi yozmoqda, degan tugal ishonchga kelish mumkin. Deyarli har bir moddaga ko‘plab takliflar kelib tushayotgani fuqarolarning o‘z tutgan pozitsiyasida mustaxkam ekanligini, ularning siyosiy qarashlari, ijtimoiy faolligi sezilarli o‘sganini ko‘rsatmoqda.
Davlatimiz rahbari aytib o‘tganidek, Konstitutsiyaning yagona manbai va muallifi xalqdir. Shunday ekan, xalqning fikr-mulohazalarini eshitish, muhim mas’uliyatli pallada daxldorlik hissini oshirib, fuqarolik burchini bajarishga ko‘maklashish zarur. Xalqimiz Asosiy qonunimizda o‘z orzu-umidlari, istaklari, farovon hayotining huquqiy asosini ko‘ra olishi kerak.
Konstitutsiyada asosiy e’tibor davlat va ijtimoiy tuzumga emas, balki inson manfaatlariga qaratilgan. Asosiy qonunda inson va fuqarolarning huquq, erkinliklari mazmunini bevosita ochib beruvchi 34 ta modda mavjud. Uning muqaddimasidan tortib, yakunlovchi qoidalariga qadar inson to‘g‘risida, farovonligi haqida g‘amxo‘rlik g‘oyalari singdirilgan. Ayniqsa, Vatanimiz kelajagi bo‘lgan yoshlar masalasida Konstitutsiyada puxta va mukammal normalar keltirilgan.
Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish bilan biz O‘zbekiston kelajagini, yangitdan barpo etilayotgan davlatimizning chuqur mazmuni, ma’no va mohiyatini, siyosiy-huquqiy, ijtimoiy, iqtisodiy, gumanitar va ma’naviy taraqqiyotning, yurtimiz qiyofasini, uning xalqaro hamjamiyatdagi o‘rni va nufuzini tubdan o‘zgartirib yuborgan mamlakatimizni isloh etish va modernizatsiya qilishning pirovard maqsadlarini aniq-ravshan belgilab olamiz.
Alisher TANGRIEV,
O‘zDJTSU Yakkakurash sport turlari
fakulteti dekani, dotsent