Konstitutsiya – taraqqiyot va adolat poydevori
Buxoro shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida “Konstitutsiya – xalqimiz uchun hayot, taraqqiyot va adolat qomusidir” mavzusida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Buxoro viloyati Kengashi a’zolari, deputatlar, partiya faollari, viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi, viloyat o‘rmon xo‘jaligi, viloyat adliya boshqarmasi vakillari, Obodonlashtirish boshqarmasi, Oliy ta’lim professor-o‘qituvchilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

Ochiq muloqotda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi, Davlat Ekologiya qo‘mitasi rahbari Narzullo Oblomurodov ishtirok etdi.
– Konstitutsiya loyihasining umumxalq muhokamasi O‘zbekiston xalqining xohish-irodasini aniqlash hamda juda boy huquqiy normalar to‘plash imkonini berdi, – deydi Narzullo Oblomurodov. – Ushbu takliflar chuqur va har tomonlama o‘rganib chiqildi hamda umumlashtirildi. Konstitutsiyamizda asosiy e’tibor davlat va ijtimoiy tuzumga emas, balki inson manfaatlariga qaratilgan. Asosiy qonunda inson va fuqarolarning huquq, erkinliklari mazmunini bevosita ochib beruvchi 34 ta modda mavjud. Uning muqaddimasidan tortib, yakunlovchi qoidalariga qadar inson to‘g‘risida, farovonligi haqida g‘amxo‘rlik g‘oyalari singdirilgan. Ayniqsa, Vatanimiz kelajagi yoshlar masalasida Konstitutsiyamizda puxta va mukammal normalar keltirilgan.
Konstitutsiyamizga o‘zgartirish kiritish bilan biz O‘zbekiston kelajagini, yangitdan barpo etilayotgan davlatimizning chuqur mazmuni, ma’no va mohiyatini, siyosiy-huquqiy, ijtimoiy, iqtisodiy, gumanitar va ma’naviy taraqqiyotning, yurtimiz qiyofasini, uning xalqaro hamjamiyatdagi o‘rni va nufuzini tubdan o‘zgartirib yuborgan mamlakatimizni isloh etish va modernizatsiya qilishning pirovard maqsadlarini aniq-ravshan belgilab olamiz.

– Respublikamizda fuqarolarning munosib hayot kechirishini ta’minlash, insonparvar demokratik huquqiy, ijtimoiy davlat barpo etishni ko‘zlab, fuqarolar tinchligi va milliy totuvligini ta’minlash maqsadida Konstitutsiyamizga o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritilmoqda, – deydi Xalq deputatlari Romitan tumani Kengashi deputati Akmal Gulboyev. – Konstitutsion loyihada o‘qituvchilarga qaratilayotgan e’tibor, tahsinga sazovor. Sababi shaxsni ma’naviy va ma’rifiy tomonidan tarbiyalash, uni Vatanga muhabbat tuyg‘usida kamol topishiga erishishda ushbu kasb egalarining ahamiyati benihoya katta.
Buxoro tumani “Jo‘yizar” sanatoriysida Konstitutsiyaviy islohotlarning umumxalq muhokamasiga bag‘ishlangan “Konstitutsiya – bosh qomusimiz” mavzusida tuman aholisi bilan yuzma-yuz muloqot ham bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Abdushukur Hamzayev, mutasaddi tashkilotlar va tuman fuqarolari ishtirok etdi.
Viloyat adliya boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i M. Muzaffarov tomonidan Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartirishlar haqida ma’ruza qildi.

– Mamlakatimizda davlatni jamiyatga, xalqqa xizmat qiluvchi institutga aylantirish, uning faoliyatini qonunlarga tayanib qurishga qattiq kirishilgan, desak xato bo‘lmaydi, – deydi Abdushukur Hamzayev. – Bosh qomusimizda inson huquqlariga va davlat suvereniteti g‘oyalariga sodiqlik tantanali ravishda e’lon qilinib, hozirgi va kelajak avlodlar oldidagi yuksak mas’uliyat o‘z aksini topgan.
Tadbirda aholi tomonidan ko‘plab fikr va mulohazalar bildirildi.
Zarif Komilov, O‘zA