Konstitutsiya – kelajagimiz asosi
O‘zLiDeP Navoiy viloyati Kengashi hamda Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti hamkorligida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 33 yilligi munosabati bilan “Bosh qomusimizda biznes uchun yaratilgan kafolatlar” mavzusida tadbirkor va yoshlar o‘rtasida uchrashuv tashkil etildi.
Unda universitet rektori Baxtiyor Mardonov, “Zarafshon Golden Group” kompaniyasi ta’sischisi Ulug‘bek Fayziyev ishtirok etib, talabalarga yurtimizda tadbirkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, yaratib berilayotgan sharoitlar, imtiyozlar, muvaffaqiyatga erishish sirlari haqida so‘zlab berdi.
Uchrashuvda talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan tadbirkorga murojaat qildi va kerakli javob oldi.
[gallery-26564]
– Qaysidir ma’noda muvaffaqiyatga erishdim, deb hisoblagan insonlarning o‘z qarashlari, muvaffaqiyatga olib borgan yo‘llari bo‘ladi, – deydi 2-kurs talabasi Rayhona G‘aybullayeva. – Shunisi aniqki, belgilab olingan maqsad, bunga erishishda har qanday qiyinchiliklarni sabr-bardosh bilan yengib o‘tish, xatolardan qo‘rqmasdan, ulardan to‘g‘ri xulosa chiqargan holda olg‘a intilish, izlanish, tinimsiz mehnat, o‘qib-o‘rganish, har bir ishga mas’uliyat va qat’iyat bilan yondashuv, o‘ylaymanki, insonni muvaffaqiyat sari yetaklaydi. Hozirda biz mustaqil hayot ostonasida kelajagimizni belgilovchi muhim qarorlarni qabul qilish arafasidamiz. Bu kabi uchrashuv, muvaffaqiyatga erishgan insonlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotlar esa o‘z yo‘limizni tanlashimizda bir qarorga kelishga yordam beradi.
Tadbirda tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, ularning huquq va erkinliklarini ta’minlashning huquqiy asoslari haqida alohida so‘z yuritildi. Bunda albatta, bosh qomusimiz asosiy hujjat ekanligi ta’kidlandi.
Konstitutsiyada iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligi, xususiy mulk daxlsizligi kafolatlangan. Jumladan, 67-moddada “Davlat qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini ta’minlaydi. Tadbirkorlar qonunchilikka muvofiq har qanday faoliyatni amalga oshirishga va o‘z faoliyati yo‘nalishlarini mustaqil ravishda tanlashga haqli”, deya alohida qayd etilgan.
Tadbir davomida partiya tashkiloti va universitet hamkorligida yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan “Konstitutsiya – kelajagimiz asosi” mavzusidagi videoroliklar tanlovi g‘oliblari munosib taqdirlandi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbiri