Konstitutsiya islohotlarning muhim asosi
Prezidentimizning joriy yil 8 noyabrdagi farmoniga binoan “O‘zbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi” esdalik nishoni ta’sis etilgan edi.
Nurafshon shahrida Bosh Qomusimiz qabul qilinganining 30 yilligi munosabati bilan Toshkent viloyatining bir guruh deputatlari, tadbirkorlar, eksportyorlar, ta’lim, tibbiyot sohasi vakillari, jurnalist, blogerlar hamda mehnat faxriylari mazkur esdalik nishoni bilan taqdirlandi.

Mukofotlarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev tantanali topshirdi. Shundan so‘ng bayram tadbirining badiiy qismi Olmaliq shahrining “Metallurglar” madaniyat saroyida davom etdi.

Viloyat hokimi barcha qatnashchilarni qutlug‘ sana bilan tabriklab, Konstitutsiyamizning hayotimizda tutgan o‘rniga alohida to‘xtaldi. Ta’kidlanganidek, Bosh qomusimiz mamlakatimizda inson qadri, uning erkin va baxtli-saodatli hayotini ta’minlash, huquq va manfaatlarini kafolatlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mustahkam asosidir. Bayram munosabati bilan viloyat hokimi sport va san’atda munosib yutuqlarga erishayotgan iste’dodli va umidli yoshlarning bir guruhiga faxriy yorliq hamda qimmatbaho sovg‘alar topshirdi.

Tantanali bayram marosimi san’at ustalari va ijrochi yoshlar tomonidan tayyorlangan badiiy-musiqiy dastur bilan davom etdi.
A. Musayev, O‘zA.