Ko‘ngilni havolantirish – saodatdir
-
Ko‘pdan ko‘p tafsilotlarni ko‘rib-kuzatib, ancha yillardan beri bitta xulosaga kelganman: men tug‘ilib o‘sgan Denovda inson uchun qusur hisoblangan hamma narsani qilishingiz, g‘ozday bo‘lib yurishingiz mumkin, ammo adolatsizlikni, umuminsoniy qadriyatlar ulgusi o‘laroq qaror topgan ijtimoiy mezonlarni oyoqosti qilsangiz, bobolar ta’biri bilan aytganda “oq”ni “qora” yo “qora”ni “oq” desangiz va faoliyatingizni shu asosga qursangiz, denovliklar hargiz kechirmaydilar va bu g‘irromligingiz uchun qochgani joy topolmay qolasiz. To‘g‘ri, bugun zamon ofat – nayranglari rang-barang bo‘lib ketgan, ba’zan sanab sanog‘iga yetmaysiz. Ammo bu illatlardan xalos bo‘lishning yo‘llari tabarruk manbalarda, sharqona axloq kitoblarida bir-bir sanab o‘tilgan va ulardan omon qolish yo‘llari ham bayon qilingan. Buyuk bobokalonimiz, muhaddislar ustozi Imom Buxoriy hazratlarining “Sahih ul Buxoriy” hadislarida bu narsalar teran bayon etilganiga ko‘pam e’tibor beravermaymiz. Mazhabimiz asoschisi Imomi A’zam Abu Hanifa hazratlarini olaylik. Odamlarning ko‘nglini olishga oshiq, mehmon uchun eshiklari doim ochiq edi. Qozilik vakolati berilganda ulug‘ olim bunday oliy maqomdan qanday “qochganini”, oqibatda qanday jazolanganliklari haqida kitoblarda ko‘p va xo‘p yozilgan. Xo‘sh, nega Abu Hanifa qozilikdan o‘zini olib qochdi?
Sababi, oddiy – yelkada bunday katta mas’uliyat yukini ko‘tarishning o‘zi bo‘ladimi, kimgadir ozor berib qo‘ysa nima bo‘ladi?.. Bu tabiiyki, buyuk ibrat edi. Abu Hanifa hazratlari bugunning iborasi bilan aytganda Oliy Sud Raisligi vazifasini qabul qilishdan voz kechgan edilar. Ul zot el-yurtga xizmat qilish mashaqqati, nafs g‘olib kelgan hollar javobi og‘ir bo‘lmog‘ini teran his qilgan edilar. Halol, ta’masiz yashashni istagan edilar.
Ha, ta’masiz qilingan xizmat odamning ko‘ksini tog‘day ko‘taradi degan hikmatni kitoblarda o‘qiganmiz. Agar insonning g‘ururi baland bo‘lsa, bilingki, uning ko‘ngil, qalb olamiga hech kim daxl qilolmas. Denovlik Yunus O‘roqovning hayot yo‘li bunga dalildir.
Bugun ba’zilar bilib-bilmay tibbiyotdagi kamchiliklar haqida ko‘p yozishadi. Ammo, Denov tibbiyot tizimida olib borilayotgan samarali ishlarni sanab adog‘iga yetib bo‘lmaydi. Bu ishlarning boshida turgan insonning nomini ko‘pchilik bilmaydi. Bilishi shart ham emasdir. Chunki u o‘z vazifasini bajarayapti, xolos. U shu ishlarni qilishi kerak. Tasavvur qiling: 3,5 ming nafarga yaqin kishi ishlaydigan tashkilotda muhit havas qilsa arzigulik – ahillik, ko‘taringki kayfiyat, fidokorlikni ko‘rasiz. Bemorlarga ko‘mak berish bilan birga donorlik qilib, qon berib kelayotgan insonni kim deyish mumkin?.. Bosh tabib – shifokor murakkab holda yotgan bemorlariga qon berishdek xayrli ishga o‘zi bosh bo‘ladi – qon beradi, ammo ovoza qilmaydi. Ba’zi ishbilarmonlar bor, ko‘chaga bir tup ko‘chat eksa - bo‘ldi, televizor ekranini hech kimga bermaydi. Yunus O‘roqov tumandagi katta tizimida shuncha ishlar qilsa-yu, hech narsa qilmaganday miq etmay yursa...
Men yuqorida buyuk bobokalonlarimiz hayot yo‘lini bejizga eslamadim... Halol yashash, halollikni ulug‘lab kelayotgan insonlarga kerak bo‘lsa, ta’zim qilish kerak. Toki, farzandlaimiz bu fazilatlarni qalblariga singdirib olsin.
XX asrning yetmishinchi yillaridan bir rivoyat qilib berayin: tuman og‘asi shahar savdo tashkilotining rahbarini huzuriga chaqirib falon bichimdagi, falon tusli ikki juft kostyum toping, deb amr qilibti. Bir hafta o‘n-kunda buyurtma hozir bo‘lavermagach, zudlik bilan haligi rahbarni chaqirib: “Nega yo‘q bo‘lib ketdingiz?”depti. “E, falonchi aka odamlarimiz Dushanbega ham borib keldi, siz aytgan kostyum hech joyda yo‘q” desa, saltanat sohibi “Leningradda ham yo‘q, ekanmi!”degan ekan. Bugun shunday odamlar oramizda yo‘q deb o‘ylaysizmi?..
Ko‘p yillardan beri radio eshitish odatim bor. Ishxonamda radio bor. Otajon Xudoyshukurov aytgan “Xorazm segohi”, “Katta suvoralar”ni tinlash uchun xamma ishlarimni yig‘ishtirib qo‘yaman. Dilnura Qodirjonovaning avjlaridan hayratlanaman. Bugun bu ikki benazir sana’kor oramizda yo‘q. Men aytaman: endi bu avjlarga hech kimning qo‘li yetmasva kerak. Dilnura mumtoz qo‘shiqlar ijrosini shu darajada balandga ko‘tarib qo‘ydiki, qo‘yaverasiz... Ana shu qabring nurga to‘lgur Otajon Xudoyshukurovning, Dilnura Qodirjonovalarning ovozlari, ulardagi avj nuqtalar ko‘ngilni tog‘day ko‘taradi! “Ko‘taradi” degan ibora juda g‘arib, bunday qo‘shiqlarni eshitgan odam havolanadi, ana shu ibora to‘g‘ri! Ko‘ngilni havolantirish esa – saodatdir. Men har safar “Lison-ut tayr”ning oxiriga borganda shunday kayfiyatga tushib qolaman. Vujudimga allaqanday kuch quyilib kela boshlaydi. Ko‘ngilning havolanishida esa gap ko‘p: qo‘ltig‘ingizdan go‘yoki qanot o‘sib chiqadi, odim otganingizda oyog‘ingiz yerdan uziladi, osmon-falaklarga uchgingiz kelaveradi. Qaysidir yili Zayniddin Zidan yetakchiligida farang futbolchilari jahon chempioni bo‘lishdi: xalq bundan havolanib ketdi va mamlakat bo‘yicha mehnat unumdorligi yigirma foizga o‘sdi! Axir, Farobiy hazratlari “Navro‘zi olam” bilan kun sayin yurt firog‘ida tonglari sarg‘ayib borayotgan tutqunlarni davolaganligi bizga manbalardan ma’lum-ku!
Men aytaman: halol yashash, el-yurtga bir farzand o‘laroq xizmat qilmoq burch, maromiga yetkazib ijro etilgan mumtoz ashula aslida qalbni larzaga solguvchi zikrdir! Shuning uchun unga daxl qilish – buzib aytish, ijro etish xalqning yuragiga burov solish bilan barobardir.
Yaxshi so‘z, yaxshi gap, boringki, neki nekbinlik, yaxshilik bor – egasi xalq.
Bugun bashariyat ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan yuksalishlar qurshovida. Bu, zinhor, endi hammasi o‘z-o‘zidan yaxshi bo‘lib ketadi, degani emas. Aksincha, bunday ijobiy o‘zgarishlarni hazm qilolmaydigan, tizim faoliyatiga turli yo‘llar bilan rahna solishga urinishlar bo‘lishi shubhasiz. Biz istaymizmi – yo‘qmi bu ko‘hna olam shunday yaralgan. Ona yurtimiz o‘z-o‘zidan bir kunda bunday obod bo‘lib qolmagan. Bugungi farovonlik ortida qanchadan-qancha mehnatlar, zahmatlar yotibdi. Odamlar ishonchini qozonib, ularning qora qozoni qaynab turishini ta’minlashning o‘zi ulkan baxt edi. Hozir ham qiyinchilik damlarini yodga olsam, badanim seskanib ketadi. Boisi, ko‘pchilikning keyingi taqdiri qanday kechar ekan, degan o‘y bilan yashaganman. Mana, bugun ko‘ksimiz tog‘dek bo‘lib, ming bora shukr, deymiz.
Xalq davlatimiz rahbari atrofida jipslashdi, qo‘lni-qo‘lga berib, Yangi O‘zbekistonni qurmoqqa bel bog‘ladi. Men Vatanim uchun nima qilishim kerak, degan o‘y bugun har bir yurtdoshimizning qalbida borligi kishini quvontiradi. Yo‘lga chiqqan karvonimiz bilan jahonga bo‘y ko‘rsatdik. Aytish mumkin-ki, bu mustaqilligimizni g‘oyatda qadrlashga hamda shu el uchun bor g‘ayrat – shijoat bilan mehnat qilishga chorlaydi. Eng oliy ne’mat ham shu emasmi?!
Toshtemir Turdiyev,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi,
Denov tuman Ma’naviyat va ma’rifat bo‘linmasi rahbari.
O‘zA