Konchilikdan topilgan baxt
Zarmitan tog‘lari uzra quyosh bosh ko‘tara boshladi. Atrofdagi sukunatni konchilarning qadam tovushlari, texnika shovqini va navbat almashayotgan ishchilarning suhbati buzadi.
27 yildirki, Rashid Abilov ham tongni shunday qarshi oladi. Qishning qahraton sovug‘iyu yozning jaziramasida ham o‘zgacha g‘ayrat-shijoat bilan ish joyiga – Zarmitan koniga oshiqadi. Bu yerda har bir kun mehnat bilan boshlanadi. Har bir ishchi o‘z vazifasini bajarish uchun ish joyiga shoshadi. Chunki konchilikda vaqt ham, mas’uliyat ham o‘zgacha qadrlanadi.
Rashid Abilov 1978-yilda Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanida tug‘ilgan. Esini tanibdiki, otasi Kenjaboy akaning ishiga havas qilib, unga ergashgan. Kenjaboy aka Zarmitan dala geologiya qidiruv ekspeditsiyasida, so‘ngra konda mehnat qilgan. Ayrim vaqtlarda u otasi bilan birga uning ish joyiga borib, bolalik havasi ila jarayonlarni kuzatgan. Balki ana shunda uning qalbida konchilikka ishtiyoq uyg‘ongandir. Balki shuning uchun u maktabni bitirgach, oliy o‘quv yurtida o‘qishga intilmadi, boshqa kasb-mashg‘ulot bilan shug‘ullanmadi, harbiy xizmatni o‘tab keldiyu konchi bo‘lishga ahd qildi.
2000-yilda Zarmitan oltin qazib olish konida lahmchi sifatida ish boshlagan Rashid Abilov yillar davomida bu yerda turli vazifalarda mehnat qildi.
Uning hayotida Zarmitan koni alohida o‘rin tutadi. Chunki inson bir joyda yillar davomida mehnat qilsa, o‘sha joy uning xotiralari, quvonchlari va hayot yo‘lining bir qismiga aylanib qoladi. Bu yerda u yoshlik yillarini o‘tkazdi. Ustozlardan saboq olib, kasb o‘rgandi va jamoada hurmat qozondi. Hamkasblar orttirdi.
Bugun ortga qarab, o‘sha yillarni eslar ekan, Rashid aka uchun har bir kun, har bir smena, har bir o‘rganilgan kasb siri qadrli xotira bo‘lib qolgan.
– Kondagi 27 yillik faoliyatim doimiy o‘rganish, izlanish bilan kechmoqda, – deydi Rashid Abilov. – Chunki boshqa sohalar singari konchilik ham yildan-yilga takomillashib bormoqda, yangi texnika va texnologiyalar kirib kelyapti. Ularni puxta o‘rganmay turib, ishlash qiyin. 20 yil avvalgi texnika va jihozlar bugunga kelib, ancha zamonaviylashdi, ishchilar uchun qulay, boshqarish oson bo‘ldi. Ilgari konda kun davomida bajargan ishimizni bugungi texnika va mexanizmlar yordamida ikki-uch soatda bajarish mumkin. Bundan tashqari, ishchi-xodimlar uchun har tomonlama qulay sharoit, xavfsiz ish muhiti yaratildi. Dam olishimiz, tibbiy-ijtimoiy xizmatlardan foydalanishimiz uchun ham keng imkoniyatlar mavjud. Bunday sharoitda ishlab charchamaysan, ishga ishtiyoq bilan kelasan. Ana shu imkoniyat va qulayliklar tufayli kombinatimiz ishlab chiqarish hajmi yil sayin ko‘paymoqda va mamlakatimiz iqtisodiyotidagi o‘rni oshmoqda. Bunda mening ham oz bo‘lsa-da hissam borligidan faxrlanaman.
Zamonaviy texnika konchining mehnatini yengillashtirgani bilan uning mas’uliyatini kamaytirgani yo‘q. Aksincha, yangi texnika bilan ishlash uchun yangi bilim, yangi ko‘nikma va yuqori mas’uliyat talab etiladi. Bu borada esa ustoz-shogird an’anasi konchilikda alohida ahamiyatga ega. Chunki yer ostidagi mehnatda nazariy bilimning o‘zi yetarli emas. Tajriba kerak. Har bir harakatni o‘ylab bajarish, texnika va ish sharoitini his qilish, hamkasblar bilan bir-birini qo‘llab-quvvatlash zarur.
– Konchilikda menga yaqindan yordam bergan, ustozlik qilgan Abdurasul Eshmirzayev, Pardaboy Mingboyev va boshqa hamkasblarimdan minnatdorman, – deydi Rashid Abilov. – Ustozlardan o‘rganilgan saboq faqat ishning texnik tomoni bilan cheklanmaydi. Konchilikda ehtiyotkorlik, mas’uliyat, jamoa bilan ishlash, har bir ishga jiddiy yondashish kabi fazilatlar ham ustozdan shogirdga o‘tadi. Bugun endi o‘zim ham yoshlarga ustozlik qilib, tajribalarimni, kasb sirlarini o‘rgatyapman.
Rashid Abilovning kondagi chorak asrdan ortiq mehnat faoliyati e’tibor va e’tirofdan chetda qolmagan. Shu paytgacha u Navoiy kon-metallurgiya kombinatining III va II darajali “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan, ko‘plab rag‘batlantirishlarga loyiq ko‘rilgan. Yaqinda Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Prezident farmoniga ko‘ra, “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi.
– Har yili konchilar orasidan ham davlat mukofotlariga sazovor bo‘lganlar haqida eshitib, ularga havas qilardim, – deydi “Shuhrat” medali sohibi Rashid Abilov. – O‘zimizning Zarmitandan ham bir nechta hamkasbimiz shunday mukofotlar olganida juda xursand bo‘lganmiz. Shu yil 22-avgust kuni kechki payt kadrlar bo‘limidan qo‘ng‘iroq qilib, Prezident tomonidan menga “Shuhrat” medali berilganini aytishganida, avvaliga ishonmadim. Keyin rahbarlarimiz tabriklashdi, bir zumda telefon qo‘ng‘iroqlari ko‘payib ketdi. Juda kuchli hayajon, quvonch bo‘ldi. Darrov ota-onamning oldilariga borib, ularga xushxabarni yetkazdim, farzandlarim, oilam tabriklashdi. Oddiy bir konchiga davlat tomonidan shunday e’tibor ko‘rsatilishi, faxr, albatta. Qolaversa, shu kasb tufayli ro‘zg‘or tebratyapman, uch farzandimni o‘qityapman, hayotda o‘z o‘rinlarini topishlari uchun imkoniyat yaratib beryapman. Aslida, shuning o‘zi men uchun katta baxt, davlat mukofoti esa bundan buyon ham yanada shijoat bilan mehnat qilishim uchun bildirilgan ishonchdir.
G‘olib Hasanov,
O‘zA muxbiri