Komplayens-nazorat tizimining joriy etilgani qanday samara bermoqda?
Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimi («komplayens-nazorat») davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga joriy etilmoqda.
Bu korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi xalqaro standartlar, qonun va boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlarga muvofiq tashkil etilishini ta’minlash, korrupsiya xavf-xatarlari va manfaatlar to‘qnashuvini o‘z vaqtida aniqlash va ularga chek qo‘yishga yordam beradi. O‘z navbatida, tizim qonun buzilishi va korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar haqida xabar berish kabi qator profilaktik choralar orqali o‘z ahamiyati va samarasini yaqqol namoyon etmoqda.
Xususan, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligida 2020 yil komplayens nazorat tizimi tashkil etilgan.
– O‘tgan vaqt mobaynida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan hamkorlikda vazirlik tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish sohasiga oid 30 ga yaqin ichki-idoraviy hujjatlar ishlab chiqildi, – dedi agentlik mas’ul xodimi Feruza Mirzakomilova. – Yaqinda Moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorat inspeksiyasi tomonidan vazirlikning qariyb 3 yillik faoliyati davomida byudjet va byudjetdan tashqari mablag‘larning sarflanishi yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruvda xodimlarning ish haqi, ustama, mukofot va moddiy yordam pullari, kompensatsiya va boshqa qo‘shimcha to‘lovlarni ortiqcha to‘lash bilan bog‘liq 5 million 390 ming so‘m miqdoridagi byudjet qonunbuzilishi holatlari aniqlandi. Buni, albatta, yaxshi ko‘rsatkich va tizimli ishlarning samarasi ham deyish mumkin.
Hozirda ortiqcha to‘lab yuborilgan ushbu ustama to‘lovlari tegishli shaxslardan undirilib, byudjetga qaytarilishi ta’minlanmoqda.
Vazirlik tuzilmasidagi vakant lavozimlarga ishga qabul qilish tizimi tubdan isloh qilindi. Xodimlarni lavozimlarga tayinlashda shaffoflikni ta’minlash, ilg‘or xalqaro standartlarga muvofiq maxsus elektron dastur asosida talabgor fuqarolar va tizimda faoliyat yuritayotgan xodimlarni saralab olish tartibi tizimli yo‘lga qo‘yildi. Natijada vazirlik tizimida ushbu yo‘nalishdagi korrupsiyaning oldini olishga erishildi.
Korrupsiya holatlarining oldini olish va ularni bartaraf etishning eng muhim jihatlaridan biri – boshqaruv tizimida “inson omili”ni kamaytirish uchun davlat va jamiyat boshqaruviga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etishdir.
Shu ma’noda vazirlik tomonidan sohani raqamlashtirish, kommunal to‘lovlar tizimi shaffofligini ta’minlash maqsadida “Mening uyim” billing tizimi ishlab chiqilgan. Unda ko‘p kvartirali uylardagi aholining majburiy badal to‘lovlarini elektron shaklda to‘lash va, o‘z navbatida, yurtdoshlarimiz tomonidan boshqaruv tashkilotlarining moliyaviy xarajatlarini onlayn kuzatib borish imkoniyati yaratildi.
Bu kabi raqamlar komplayens nazorat tizimi haqiqatan samarali yo‘lga qo‘yilgani, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni kuchaytirish ishlari tizimli olib borilayotganini ko‘rsatadi.
N.Abduraimova,
O‘zA