Kommunal sohada qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasida navbatdagi «Hukumat soati» bo‘lib o‘tdi. Unda Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri Sherzod Hidoyatov ishtirok etib, sohada amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berdi hamda deputatlarning sohaga oid qator savollariga javob qaytardi.
— bugungi kunda respublika issiqlik ta’minoti ob’ektlarida, xususan 8 ta qozonxonada foydali ish koeffitsiyenti 92 foizdan kam bo‘lmagan zamonaviy energiya tejamkor isitish qozonlari, yo‘qotishlarning oldini olish maqsadida 42 km. penopoliuretandan tayyorlangan polimer izolyatsiyali va himoya qobig‘iga o‘ralgan, kanalsiz yotqizish imkonini beruvchi quvurlar, 477 ta individual issiqlik punkti (IIP) o‘rnatilmoqda, — dedi vazir. — Mazkur loyihalarni amalga oshirish natijasida 531 ta uyning 24 mingta xonadonlari, 52 ta ijtimoiy soha ob’ekti issiqlik energiyasi bilan ta’minlanadi.

Andijon, Chirchiq, Buxoro, Samarqand va Toshkent shaharlarida hozirgi kunda foydalanib kelinayotgan issiqlik ta’minotining ochiq tarmoqli tizimidan yopiq tarmoqli tizimiga o‘tish va isitish tizimda zamonaviy texnologiyani tatbiq etish orqali 1 ming 855 ta ko‘p kvartirali uylaridagi 85 ming 777 ta xonadon hamda 193 ta ijtimoiy ob’ekt issiq suv va issiqlik energiyasi bilan qamrab olinadi. Hududlardagi 29 ta «Yangi O‘zbekiston» massivlarida 2022-2026 yillarda 68 mingdan ortiq xonadondan iborat 1 ming 979 ta ko‘p qavatli uy va 155 ta ijtimoiy soha ob’ekti qurilishi rejalashtirilgan. Mazkur binolarni issiqlik energiyasi bilan ta’minlash maqsadida 28 ta qozonxona va 219 km. issiqlik tarmoqlarini qurish rejalashtirilgan. 1 ming 886 ta uyning tom qismi, 2 ming 815 ta uyning kirish yo‘laklari, 1 ming 228 ta yerto‘la qismidagi muhandislik-kommunikatsiyalari, 1 ming 518 ta kodli qulfli temir eshiklar, 967 ta uyning fasad qismi ta’mirlandi.
«Hukumat soati»da deputatlar sohaga oid bir qator savollar bilan vazirga murojaat qildi. O‘rganishlar davomida aniqlangan muammolar, saylovchilarni o‘ylantirayotgan masalalardan kelib chiqib, ayrim hududlarda toza ichimlik suvi ta’minoti hamda yangi qurilayotgan uy-joylarning infratuzilmasini yaxshilash borasida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan qiziqdi. Mavjud muammolarni bartaraf etish hamda soha istiqboliga qaratilgan bir qator taklif va tavsiyalarni berdilar.
Vazir xalq vakillarining savollariga batafsil javob qaytardi. Kun tartibidagi masala yuzasidan samarali parlament nazoratini ta’minlashga kelishib olindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA