Kojaelida Turk dunyosi yoshlari uchrashuvi tashkil etiladi
Joriy yil 9-11-oktabr kunlari Turkiyaning Kojaeli shahrida «Turk dunyosi yoshlari uchrashuvi» bo‘lib o‘tadi.
«Umumiy meros, yagona yurak» shiori ostidagi mazkur tadbir Turkiy davlatlar bilan aloqalar tashkiloti hamda Kojaeli shahri hokimiyati hamkorligida tashkil etiladi.
Anjumanda TDTga a’zo va kuzatuvchi mamlakatlardan vakillar, 400 nafarga yaqin universitet talabasi, yoshlar va jamoatchilik vakillari ishtiroki kutilyapti.
Jumladan, O‘zbekistondan blogerlar, jurnalistlar, raqamli kontent yaratuvchilar va san’atkorlar ham qatnashadi.
Tadbir dasturidan Turk dunyosi yetakchi media mutaxassislari ishtirokidagi «Turk dunyosi media sessiyasi», shuningdek raqamli kommunikatsiya, ijtimoiy tarmoqdagi hamkorlik va zamonaviy axborot makoni imkoniyatiga bag‘ishlangan muhokamalar o‘rin olgan.
Uchrashuvning rasmiy ochilish marosimi 9-oktabr kuni Kongress markazida o‘tadi. Dasturdan Turk dunyosi tarixi va madaniyatini aks ettiruvchi video lavhalar, milliy raqslar, rasmiy nutqlar hamda konsert chiqishlari ham joy olgan.
Forum doirasida ishtirokchilar uchun madaniy tadbirlar, shahar bo‘ylab ekskursiya, ijtimoiy loyihalar va do‘stona muloqot maydonchalari hozirlanadi. Tadbir 11-oktabr kuni turkiy xalqlar birdamligi va mushtarak qadriyatlarini ifoda etuvchi gala-konsert bilan yakunlanadi.
Tashkilotchilar O‘zA muxbiriga bergan ma’lumotga ko‘ra, uchrashuvning asosiy maqsadi turkiy davlatlar yoshlari muloqoti va hamkorligini mustahkamlash, ijodiy va media sohalarda tajriba almashish, shuningdek umumiy madaniy merosni zamonaviy raqamli platformalar orqali keng targ‘ib qilishdan iborat.
Nodira Qayumova, O‘zA
Turkiya