Kointonga ilk qadam: O‘zbekistonda Mission Moon platformasi ishga tushirildi
Bugungi kunda kosmos sohasi insoniyat taraqqiyotining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Yurtimiz ham ushbu jarayonda faol ishtirok etib, milliy kosmonavtikani rivojlantirish va kelajak avlodni ilm-fanga jalb qilish bo‘yicha muhim qadamlarni amalga oshirmoqda. Ana shunday tashabbuslardan biri – Mission Moon ta’lim platformasidir.
Toshkent shahridagi School 21 raqamli texnologiyalar maktabi kampusida bolalar uchun mo‘ljallangan O‘zbekistonning ilk kosmik ta’lim platformasi – Mission Moon loyihasi taqdim etildi. Loyiha “O‘zbekkosmos” agentligi va School 21 raqamli texnologiyalar maktabi hamkorligida amalga oshirildi.
Mazkur platforma yosh avlodda kosmos, astronomiya, texnologiya va muhandislik sohalariga qiziqish uyg‘otish maqsadida yaratilgan. U bolalarga koinot haqidagi bilimlarni oddiy dars shaklida emas, balki qiziqarli o‘yinlar, interaktiv topshiriqlar va kosmik missiyalar orqali yetkazadi.
Mission Moon g‘oyasi o‘tgan yili “O‘zbekkosmos” agentligi tomonidan ilgari surilgan ta’limiy tashabbus sifatida paydo bo‘lgan. Keyinchalik School 21 ishtirokchilari ushbu g‘oyani zamonaviy raqamli platformaga aylantirish uchun uning dasturiy ta’minoti, o‘yin mexanikasi, missiyalari va interaktiv muhitini ishlab chiqdi. Loyihani yaratish jarayonida murakkab ilmiy mavzular bolalar tushunishi mumkin bo‘lgan sodda va qiziqarli formatga moslashtirildi.
Platformada ishtirok etuvchi bolalar shunchaki ma’lumot olibgina qolmay, balki o‘zlarini haqiqiy tadqiqotchi sifatida his qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Ular turli vazifalarni bajaradi, qarorlar qabul qiladi, yangi sayyoralar va kosmik ob’ektlar haqida ma’lumotlarga ega bo‘ladi hamda amaliy faoliyat orqali ilmiy tafakkurini rivojlantiradi.
Ta’kidlanganidek, Mission Moon platformasining yaratilishida School 21 ishtirokchilarining hissasi alohida ahamiyatga ega bo‘ldi. Raqamli texnologiyalar vazirligi ko‘magida faoliyati yo‘lga qo‘yilgan mazkur maktab mamlakatimizning yetakchi zamonaviy IT ta’lim markazlaridan biri sanaladi.
– Maktabimizda 17 yoshdan oshgan har qanday fuqaro dasturlash va axborot texnologiyalari yo‘nalishidagi kasblarni mutlaqo bepul o‘rganishi mumkin, - deydi School 21 raqamli texnologiyalar maktabining marketing bo‘yicha direktori Vladislav Yurovskiy. – Ta’lim “tengdosh-tengdoshga” tamoyili asosida tashkil etilgan bo‘lib, ishtirokchilar real loyihalar ustida ishlash orqali bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘ladi. Maktabda Backend, Frontend, mobil dasturlash, GameDev, kiberxavfsizlik, Data Science, Machine Learning, UX/UI dizayn, loyiha va mahsulot menejmenti hamda bioinformatika kabi 13 ta yo‘nalish bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanmoqda.
Taqdimot ochiq oilaviy formatda tashkil etildi. Unda 7-10 yoshli bolalar va ularning ota-onalari ishtirok etib, platformani amalda sinovdan o‘tkazdi. Ishtirokchilar ilk kosmik missiyalarni bajarish, interaktiv zonalarda qatnashish, astronomiya hamda texnologiyalar olami bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.
Bolalar koinot haqida yangi ma’lumotlarga ega bo‘lgan bo‘lsa, ota-onalar farzandlarining ilm-fan va texnologiyalarga bo‘lgan qiziqishini yanada qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlari bilan yaqindan tanishdi.
Tadbir davomida “O‘zbekkosmos” agentligi direktori o‘rinbosari Muhiddin Ibrohimov mamlakatimizda kosmik ta’limni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlar haqida alohida to‘xtaldi.
– Yurtimizda kosmik ta’lim bosqichma-bosqich rivojlanmoqda, - dedi M. Ibrohimov. – Mission Moon bu yo‘nalishdagi yagona tashabbus emas. Biz CanSat va UniSat loyihalarini ham izchil davom ettiryapmiz. Bu yil UniSat dasturi beshinchi marta o‘tkaziladi. Unda YUNISEF bilan hamkorlikda qizlar uchun CubeSat formatidagi kichik sun’iy yo‘ldoshlarni yaratish bo‘yicha maxsus ta’lim dasturi tashkil etiladi. Uch oylik tayyorgarlikdan so‘ng ishtirokchilar tomonidan ishlab chiqilgan ikki sun’iy yo‘ldoshni Mo‘ynoq hududidan 37 kilometr balandlikkacha uchirishni maqsad qilganmiz.
Uning so‘zlariga ko‘ra, keyingi bosqichda ushbu loyihalarni yanada yuqori darajaga olib chiqish, ya’ni, yoshlar ishtirokida yaratilgan sun’iy yo‘ldoshlarni raketa orqali orbitaga chiqarish rejalashtirilgan.
Shuningdek, agentlik tomonidan maxsus kosmik lager dasturlari ham ishlab chiqilgan bo‘lib, uch, besh va yetti kunlik formatlarda tayyorlangan mazkur dasturlar bolalarning ta’til davrida kosmos, astronomiya va muhandislik bo‘yicha bilimini oshiradi. Yaqin kelajakda ishga tushirilishi rejalashtirilgan SpaceBus loyihasi ham mamlakatning barcha hududlaridagi o‘quvchilarni qamrab olishga qaratilgan. Loyiha doirasida maktablarda 8 haftalik STEM dasturlari tashkil etiladi. Shu bilan birga, virtual reallik texnologiyalariga asoslangan raketa modeli ham ishlab chiqilmoqda.
[gallery-29853]
Ta’kidlanganidek, bu kabi tashabbuslar kosmik ta’limning mustahkam poydevorini yaratib, kelajakda mamlakatning kosmik va texnologik salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.
Har bir buyuk kashfiyot oddiy savoldan boshlanadi. Har bir kosmonavt esa bir vaqtlar yulduzlarga hayrat bilan boqqan bolakay bo‘lgan. Bugun ushbu platformada o‘zining birinchi kosmik missiyasini bajarayotgan o‘g‘il-qizlar ham vaqti kelib, O‘zbekiston nomini koinotda namoyon etar. Zero maqsad ham shu – ilk hayrat, ilk qiziqish va ilk orzularni qo‘llab-quvvatlash.
Kamola Yusupova,
O‘ktam Hayitov (surat), O‘zA