“Ko‘hna Xovos” tepaligi – 2500 yoshda
“Ko‘hna Xovos” tepaligi yurtimizning eng qadimiy va boy tarixga ega go‘shalaridan biri sanaladi. Buni tarixiy yozma manbalar, shuningdek, olib borilgan arxeologik tadqiqotlar ham tasdiqlaydi.
Arxeologik topilmalarga ko‘ra Xovos 2500 yoshda ekanligi aytiladi. Xovos miloddan oldingi IV asrdan milodiy X asrga qadar qadimgi Farg‘ona, Choch (Toshkent) va So‘g‘dga boradigan savdo yo‘llari chorrahasida joylashgan qulay va muhim manzilgoh bo‘lgan. Chorrahaning bir tarmog‘i Xovosdan Qurkad orqali Xo‘jand va Farg‘onaga, ikkinchisi to‘g‘ri Choch daryosi – Sirdaryo kechuvidan so‘ng shimol tomon Shohruhiya shahriga, undan Harashkentga, keyin Choch poytaxti Binkatga borgan.

Tepalik YUNESKO tomonidan qadimiy joy sifatida ro‘yxatga olingan bo‘lib, 2019-2020 yillar davomida bu yerda bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Xovos tumanida O‘lkashunoslik muzeyi tashkil qilindi va izlanishlar davomida hududdan topilgan 7 mingdan ziyod osori-atiqalarning asosiy qismi ushbu muzeyda saqlanmoqda. Muzeydan eramizdan avvalgi III-II asrga oid ma’buda – Anaxita haykalchasi, X-XI asrlarga oid tangalar, XII asrga oid Humo qushi tasviri tushirilgan chiroq dastasi, X-XXI asrlarga tegishli maxsus simob idishcha, VII-VIII asrlarga oid idishlarda qo‘llanilgan muhrlar, ko‘zalar, naqshli idish-tovoq bo‘laklari, qopqoqlar hamda bug‘doy solishga mo‘ljallangan balandligi kamida 1 metrli xumlar va shu kabi ko‘plab eksponatlar o‘rin olgan.



Viloyat aholisi va mehmonlari “Ko‘hna Xovos” ziyoratgohi hamda O‘lkashunoslik muzeyiga tashrif buyurishlari hamda hudud tarixiga oid yana ko‘plab ma’lumotlarga ega bo‘lishlari mumkin.
Shuhrat Suyarov,
O‘zA muxbiri.