Kogonda aholi uchun zamonaviy dam olish maskani barpo etildi
Buxoro viloyati Kogon tumanida aholiga qulay sharoit yaratish, bo‘sh vaqtni mazmunli tashkil etish va sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilishga qaratilgan bunyodkorlik ishlari izchil davom etmoqda. Xususan, «Bahouddin Naqshband» mahalla fuqarolar yig‘inining Yangi yo‘l ko‘chasida aholi uchun zamonaviy dam olish va ko‘ngilochar maskani barpo etildi.
Mazkur loyiha hudud infratuzilmasini rivojlantirish, aholi uchun qulay shart-sharoit yaratish, ayniqsa, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga qaratilgani bilan ahamiyatli.
Mazkur majmua hudud infratuzilmasini yaxshilash, mahalla aholisi uchun munosib dam olish sharoitlarini yaratish hamda turli yoshdagi fuqarolarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Loyiha doirasida 60 sotixdan ortiq maydon obodonlashtirilib, zamonaviy infratuzilma tashkil etildi. Jumladan, bolalar va o‘smirlar uchun o‘yin maydonchasi, yoshlar hamda sport ixlosmandlari uchun vorkaut hududi, shuningdek, aholi hordiq chiqarishi uchun shinam ayvonlar barpo qilindi.
Majmua hududida o‘rnatilgan zamonaviy favvoralar atrofga yanada ko‘rkamlik bag‘ishlab, tashrif buyuruvchilar uchun xushmanzara va osoyishta muhitni shakllantirgan.
E’tiborli jihati, bu yerda sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash maqsadida umumiy uzunligi 600 metr bo‘lgan piyodalar va velosiped harakati uchun mo‘ljallangan salomatlik yo‘laklari ham qurildi. Bu aholiga ochiq havoda sayr qilish, jismoniy faollik bilan shug‘ullanish va hordiq chiqarish uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
[gallery-31944]
Majmua aholiga kechayu kunduz xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan bo‘lib, «24/7» rejimida faoliyat yuritadi. Qurilish ishlari «Buxara gold new building» mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirildi.
Bunday zamonaviy maskanlarning barpo etilishi mahallalar qiyofasini obodonlashtirish, aholi uchun qulay ijtimoiy muhit yaratish va turmush sifatini yanada yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tohir ISTATOV (surat), O‘zA