Ko‘chmas mulkni texnik inventarizatsiyadan o‘tkazish tartibi belgilandi
Adliya vazirligi Ko‘chmas mulkni texnik inventarizatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi idoraviy hujjatni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi.
Mazkur hujjatga ko‘ra, texnik inventarizatsiya ko‘chmas mulkning maydoni, tarkibi, texnik tavsiflari va amaldagi holatini aniqlash hamda uning kadastr yig‘majildini shakllantirish maqsadida amalga oshiriladi.
Texnik inventarizatsiya Davlat kadastrlari palatasi muhandislari yoki malaka shahodatnomasiga ega kadastr muhandislari tomonidan o‘tkaziladi.
Texnik inventarizatsiya birlamchi va qayta inventarizatsiya shaklida o‘tkaziladi. Dastlabki kameral ishlar, dala ishlari va dala ishlaridan keyingi kameral ishlar bosqichlarida amalga oshiriladi. Dala ishlari davomida joyiga chiqqan holda ko‘chmas mulkning o‘lchamlari olinadi. Konstruktiv elementlari hamda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari o‘rganiladi. Texnik inventarizatsiya natijalari asosida ko‘chmas mulkning umumiy maydoni, foydali maydoni, hajmi hamda boshqa texnik ko‘rsatkichlari aniqlanadi.
Ko‘chmas mulkning rejalari 1:50, 1:100, 1:150 yoki 1:200 masshtablarda elektron shaklda tayyorlanadi. Texnik inventarizatsiya natijalaridan norozi bo‘lgan shaxslar Kadastr agentligiga yoki sudga murojaat qilish huquqiga ega.
Ushbu tartib ko‘chmas mulkka oid ma’lumotlarning aniqligini ta’minlashga xizmat qiladi.
N.Abduraimova,
O‘zA