Ko‘chat o‘tqazish ishlari davom etmoqda
Tabiat resurslari vaziri Aziz Abduhakimov “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida Navoiy viloyatida bo‘ldi.
Joriy yil bahor mavsumida viloyatda qariyb 8,8 million tup mevali va manzarali daraxt hamda butalar ekish rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbari 2022 yilning 25 noyabr kuni Navoiy viloyatiga tashrifi davomida viloyatni respublikaning namunaviy hududiga aylantirish bo‘yicha yangi tashabbuslarni ilgari surib, “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirishda “Navoiy tajribasi” ni joriy etish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi.
— Mazkur tashabbus ijrosini o‘z vaqtida ta’minlash maqsadida “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqilgan, – deydi Tabiat resurslari vazirligi boshqarma boshlig‘i Abdurashid Sodiqov. – Unga asosan, viloyatda ko‘chat o‘tqazish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilanib, aniq manzilli dasturlar ishlab chiqildi. Bunda tumanlarda 5 gektardan kam bo‘lmagan hududlar aniqlanib, ekiladigan ko‘chatlar uchun yer tayyorlash, sug‘orish tizimini yo‘lga qo‘yish, yerni mahalliy o‘g‘itlar bilan boyitish choralari ko‘rildi. Hududlardagi har bir korxona, tashkilot, muassasa va xo‘jalik yurituvchi subektlarning daraxt ekish bo‘yicha rejasi belgilab olindi. Daraxt ko‘chatlarini ekish ishlari sug‘orish tizimini inobatga olgan holda rejalashtirildi. Ayni paytda viloyatda, shuningdek, har bir mahalliy hokimlik tomonidan “Hokimlik bog‘” lari, vazirlik va idoralarga tegishli hududlarda “Vazirlik bog‘i” ni barpo qilish ishlari ham boshlab yuborilgan.

Tabiat resurslari vaziri Aziz Abduhakimov Qiziltepa tumanining “Malikobod” MFY hududida tashkil etilayotgan “Hokimlik bog‘i” da bo‘lib, viloyat va tuman hokimligi, keng jamoatchilik vakillari qatorida ko‘chat ekish aksiyasida ishtirok etdi. Ushbu aksiya davomida 5 gektar yer maydoniga 1000 tup pavloniya, 500 tup katalpa ko‘chatlari ekildi.
Vazir Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov bilan “Hokimlik bog‘i” hududida ekilgan terak, tol va jiyda qalamchalari, shuningdek, payvand usulida ekilgan o‘rik nihollari rivojlanishi holatini ko‘zdan kechirib, bu yerda yaratilgan tajribani yuqori baholadi va hududlarda ommalashtirish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Qiziltepa tumanida “Hokimlik bog‘i” bilan bir qatorda “Uch avlod bog‘i” ham tashkil etilgan. Vazir mazkur bog‘da bo‘lib, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan ham tanishdi.
— “Uch avlod bog‘i” da tomchilatib sug‘orish tizimi joriy etilgan, – deydi tuman tabiat resurslari inspeksiyasi boshlig‘i Fayzullo Allayorov. – Bu yerda 25 gektarda 23 ming tup katalpa, gujum, zarang kabi manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazilgan. Ko‘chatlarning ildiz qismiga tuproq bilan birga bentonet gel ham aralashtirilib solinmoqda. Bentonet gel qo‘shilgan holda ekilishining afzalligi shundaki, daraxt ko‘chatlari sug‘orilgandan so‘ng 7-10 kun davomida namlikni o‘zida saqlab, tomirlarning suvdan oziqlanishini ta’minlaydi.

Bog‘ hududida daraxtlar orasiga tajriba sifatida piyoz ekilgan. Bundan ko‘zlangan maqsad har bir qarich yerdan unumli foydalangan holda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashdan iborat.
Hozirda “Uch avlod bog‘i” ning yana 25 gektarlik hududida tomchilatib sug‘orish usulida daraxt ko‘chatlari ekish ishlari olib borilmoqda. Daraxt ko‘chatlari orasiga 10 gektarda tarvuz, 10 gektarda qovoq va 5 gektarda loviya ekish rejalashtirilgan.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA