Koʻngildan koʻngilga mehr ulashib...
3-dekabr butun dunyo miqyosida Xalqaro nogironlar kuni sifatida nishonlanib, turli davlatlarda nogironlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga bagʻishlangan tadbirlar oʻtkaziladi.
3-dekabr butun dunyo miqyosida Xalqaro nogironlar kuni sifatida nishonlanib, turli davlatlarda nogironlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga bagʻishlangan tadbirlar oʻtkaziladi.
Ushbu kunni nishonlashdan asosiy maqsad jamiyat aʼzolarini nogironlar duch kelayotgan muammolarni yanada yaxshiroq tushunishga, ularni qoʻllab-quvvatlash, qadr-qimmati, huquqlarini himoyalash, turmush sharoitlarini yaxshilashga chaqirishdan iborat.

Bugun Oʻzbekiston Milliy universitetining Harakatlar strategiyasi anjumanlar zalida “Nogironligi boʻlgan shaxslarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi Prezident farmonida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida nogironligi boʻlgan talaba-yoshlar bilan ochiq muloqot va bayram dasturi tashkil etildi.
Yoshlar bilan ishlash boʻyicha prorektor Kamoliddin Mirzaaxmedov boshchiligidagi universitet faollari nogironligi boʻlgan talabalarning takliflari, loyihalari bilan yaqindan tanishishdi.

Ayniqsa, Ijtimoiy ish fakulteti rus guruhi talabalari tomonidan nogironlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan devoriy fotosuratlar, ijodiy chiqishlar hamda koʻrgazmali sahna koʻrinishlari tadbir ishtirokchilarining koʻnglini xushnud ayladi.
Shuningdek, muloqot davomida koʻzi ojiz talabalar uchun ilmiy adabiyotlarni oʻzlashtira olishlariga qaratilgan mobil ilovalar, audiovizual dasturlar hamda xorijiy tillarni kengroq oʻzlashtirishlariga moʻljallangan materiallarni ishlab chiqishga va joriy etishga kelishildi.

Bayram munosabati bilan universitet rektori Avazjon Maraximovning tashabbusi bilan universitetda tahsil olayotgan nogironligi boʻlgan barcha talaba-yoshlarning har biri uchun 500 000 (besh yuz ming) soʻmdan pul mukofoti va Xalqlar Doʻstligi sanʼat saroyida boʻlib oʻtadigan konsert dasturi uchun taklifnomalar topshirildi.

Ravshan OMONOV,
OʻzMU Axborot xizmati