“Koʻngil koʻzi” Buxoroda
Londonda chop etilgan brayl yozuvidagi ingliz tilidagi mazkur kitoblarni maktabning oʻqituvchi va oʻquvchilari xursandchilik bilan qabul qilib oldi.
Buxoro viloyatidagi 24-maxsus koʻrish boʻyicha imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab internati oʻquvchilariga ingliz tilidagi badiiy adabiyotlar topshirildi. Mazkur tadbir “Koʻngil koʻzi” loyihasi doirasida Milliy mass-mediani rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan hamkorlikda amalga oshirildi.
Londonda chop etilgan brayl yozuvidagi ingliz tilidagi mazkur kitoblarni maktabning oʻqituvchi va oʻquvchilari xursandchilik bilan qabul qilib oldi.
–30 yildan buyon ushbu muassasada ingliz tilidan oʻquvchilarga dars berib kelyapman, – dedi maktabning ingliz tili oʻqituvchisi Lola Rahmonova. – Har bir inson avvalo kitob oʻqib, oʻrganibgina maʼlum bir sohaning mutaxassisi boʻlishi mumkin. Yillar davomida oʻquvchilarga ingliz tilidan saboq berardimu, ushbu bergan bilimlarimni mustahkamlashlari uchun chet tilidagi badiiy adabiyotlarni mutolaa qilishlarini istardim. Ammo bizda bunday imkoniyat yoʻq edi. Shukrki, orzularimiz roʻyobga chiqyapti. Biz kabi imkoniyati cheklanganlar uchun oʻquvchilarning oʻqib-oʻrganib, jamiyatga nafi tegadigan insonlar boʻlib yetishishi uchun hukumat darajasida eʼtibor qaratilayotganidan bagʻoyatda minnatdormiz. Shu oʻrinda kelajakda ushbu muassasadan ham ingliz tilida ravon gaplasha oladigan, imkoniyat yaratilsa keng auditoriyali olimpiadalarda faxrli oʻrinlarni egallaydigan oʻquvchilar yetishib chiqishiga soʻz beramiz. Bildirilgan ishonch oʻz samarasini beradi.
Shuningdek, ushbu loyiha doirasida maktab kutubxonasiga yana 58 dona jahon adabiyoti durdonalari ham tuhfa etildi.