Koʻngil kechinmalari: HAYOT
Samoga boqaman. Boʻlmaydi.
Samoga boqaman. Boʻlmaydi. Quyosh koʻzimni qamashtirib xalal beradi. Nima qilish kerak? Quyoshdan ham balandroqda boʻlish. Muammoning yechimi shu. Balandlik kerak. Kossyushko, Jaya, Klimanjaro, Akonkagau, Everest. Yoʻq! Bu yetarli yemas. Yaxshisi oʻz togʻimni paydo qilaman. Eng baland choʻqqi. Birinchi qadam. Hozircha yengillikni his qilyapman. Hayolimda osonlikcha zabt yetadigandek tuyuladi. Men osmonga chiqyapman. Haqiqiy quvonch zavqi meni qurshab oldi. Tezlashaman. Yuguraman. Niyatim tezroq yuksakka koʻtarilish. Togʻ qiyalay boshladi. Lekin, bu menga xalal berolmaydi. Axir maqsadim ulugʻ.
Unda toʻsiq boʻlishi kerak yemas. Yanada qiyalashdi. Endi qoʻllarim bilan ham harakat qilyapman. Gavdamni tik tutolmayman. Boʻlmasa yiqilishim aniq. Mayli… yuqorida aytganimdek bu toʻsiqlar menga xalal berolmaydi. Qadam qoʻyganim sari oʻzimda qandaydir qudratni his qilyapman. Lekin, har doimgidek jismim menga ojizlik qildi. Yengil nafas oʻrnini hansirash egalladi. Badanimdan ter oqa boshladi. Alam qilarlisi men hali togʻning yarmiga ham yetganim yoʻq. Koʻksimni qiyalikdagi bir xarsangga berib yotib oldim. Hayolimdan qani endi bir qultum suv boʻlsaydi, degan oʻy oʻtdi. Ha erinchoqlik qilib ortiqcha yuk kerak yemas degan niyatda ustimdagi kiyimdan boshqa hech narsa olganim yoq. Iloji boʻlsaki qaytib pastda paydo boʻlib qolsam. Shunda talaygina suv gʻamlab olardim va shoshilmasdan tepaga chiqqan boʻlardim. Lekin, hozir pasga tushsam anchagina yutqazgan boʻlaman. Quyoshning meni masxara qilib kulib ustimga issiqlikni berayotganiga qaramay oʻrnimdan turdim.
Endi ortga y oʻ l y oʻ q. Tan olaman charchadim lekin iloj qancha. Yuqoriga talpinganimni bilaman dimogʻimga qandaydir xushboʻy hid urildi. Ajabo! Bu hid… hidga nisbatan husn sifatlarini ishlatib boʻlmaydi. Lekin, men qoʻrqmasdan ayta olaman. Qanday goʻzal hid. Negadir yuragim tez-tez ura boshladi. Yaqinda his qilgan chanqogʻim endi yoʻq. Men qayta tugʻilgandek edim. Yuragimdagi hayajon meni oʻz tanamga sigʻdirmasdi. Qidiraman. Bu mushk qayerdan kelyapti. Meni bunchalik hayajonlantirgan narsa nima boʻlishi mumkin. Devonadek u yoqdan bu yoqqa koʻz tashlayman, axtaraman. Dimogʻimga urilgan boʻy tomonga talpinaman. Topdim. Topdimu hafsalam pir boʻlgandek. Meni aqldan ozdirgan, menga qayta hayot bergan nafislik qarshimdagi oddiygina tikanli va koʻrimsiz guldan kelayotgan ekan. Shunday boʻlishi mumkinmi axir. Mana shu ojiz narsa meni oʻziga boʻysundirishi mumkinmi. Tushunarsiz falsafa. Hayolimda yuqoriga tirmashishni davom etsammi degan fikr keldi. Ammo unday qilolmasdim. Koʻrimsizgina gulni tashlab ketolmasdim. U menga berayotgan kuch yuqoriga chiqishimga yordam berishi aniq. Qoʻlim bilan yulmoqchi boʻldim.
Ammo, sevganini mendan rashk qilayotgandek tikanlar gulni ushlashimga qoʻymasdi. Kichkina toshlarni xarsangga urib uchini oʻtkirladim. Va sekinlik bilan gulni tagidan kesa boshladim. Shunga qaramay yaramas tikanlar qoʻlimni shilib tashladi. Choʻntagimga solsam gul nobud boʻladi. Yaxshisi qulogʻimga qistirib qoʻyaman. Kelayotgan ifor va oldinga qoʻyilgan maqsad meni yana olgʻa intilishga undardi. Qadam - baqadam yuksaklik. Shamol esa boshladi. Salqin shamol. Terlagan badanimga urilib menga ajib bir rohat bagʻishlar yedi. Negadir quyosh koʻrinmayapti. Ha uni bulutlar toʻsib qoʻyibdi. Qora bulut. Yomgʻirdan darak beryapti shekilli. Yana ozgina koʻtarilganimdan keyin yuzimga tomchi tomgandek boʻldi. Asta — sekin tomchilar koʻpaya boshladi. Mayinlik bilan yogʻayotgan yomgʻir meni quvontiryapti. Xuddiki marraga yetishimni u ham xohlayotgandek. Oqayotgan ter endi yoʻq. Yomgʻir meni qaytadan pokladi. Koʻtarilishda davom etyapman.
Togʻning yarmidan oʻtganimga ham ancha boʻldi. Yomgʻir hamon yogʻayapti. Men marraga yetishimga ishonayapman. Negadir qoʻllarim achishishni boshladi. Bu pastda gulimning mehriga bergan “hadyasi”dan boʻlsa kerak. Tirmashganim sari qon oqayotganini sezmabman ham. Shu payt, birdaniga yuzim bilan toshga urildim. Nima boʻldi. Nega yiqildim. Hamma yogʻim loy boʻldi. Toyib ketibman. Turib yana koʻtarilmoqchi edim, ammo yana yiqildim. Bu nimasi… Yomgʻir buni bilarmidi? Meni yiqilishimdan xabari bormidi? Nega? Axir menga yordam berayotgandi-ku? Qizigan tanamni salqinlatmayotganmidi? Bir koʻzimga sirqirab qon oqayotganini sezdim. Peshonam yorilganga oʻxshaydi. Gulimga ham jarohat yetibdi. Essiz! Yomgʻir, nahot seni qandayligingni bilmagan boʻlsam.
Axir qora bulutdan yogʻayotganingni koʻrib turgandim-a. Hamma ayb oʻzimda. Lekin, gulimda nima ayb. Axir uni men yulgandimku. Undan bu ishim unga yoqadimi yoʻqmi? Soʻraganim ham yoʻq. Masʼuliyatni boʻynimga oldim. Ammo, yelkamdagi burchimni bajara olmadim. Gulim koʻz oʻngimda nobud boʻldi. Ezilgan gulbarglari men bilan soʻngi bor vidolashyotgandek bor hidini taratardi. Shamol olib ketmasin deb mayda toshchalar bilan bostirib qoʻydim. Gulimning ustiga tomchi qoʻnardi. Ammo, bu yomgʻir yemas. Bu mening alamli koʻz yoshlarim. Yomgʻir meni pokladi degandim. Yanglish fikr. Meni, umuman inson zotini uning koʻz yoshlari poklaydi. Koʻz yosh aldamaydi. Inson chin dildan xato qilganida oʻzini jazolashi yoki yupatishi uchun yigʻlaydi. Oqayotgan terimni yomgʻir yuvganida xursand boʻlgandim. Holbuki, shu ter qandaydir maqsad sari borayotganimni koʻrsatmayotganmidi? Yelkamda quyosh nuri qoʻnganini sezdim. Yetar! Gʻalaba meni kutyapti.
Bu koʻz yoshlarimni yuqoriga chiqib quvonch mevasiga aylantiraman. Hozir qoʻyadigan qadamim boshqalariga nisbatan boshqacharoq. Bu qadamimni oʻzim uchun qoʻymayman. Toʻkilayotgan terlarim va meni deb gulim bejizga soʻlmaganligini isbotlovchi qadam boʻladi bu. Endi yuksalishga intilmayman. Shunchaki boshlagan yoʻllimni oxiriga yetkazish masʼuliyati bilan boraman. Qoʻllarim achishyapti. Bekorga yemas. Marra ancha yaqinlashdi. Chanqamayapman. Yana ozgina qoldi. Shamoldan zavqlanmayapman. Soʻngi tirmashish. Hayajon yoʻq. Men osmondaman. Lekin…, lekin, koʻrinishim achinarli holga kelib qolgan.
Kiyimlarim yirtilgan, oyoqlarim loy, sochlarimdan yorqinlik yuqolgan. Menimcha qaytib pastga tushmasam kerak. Demak, bu liboslarning menga keragi yoʻq. Ularni yechdim. Badanimda allaqanday sovuqlik yugurdi. Quyosh qani? Pastda koʻrinmaydi. Undan yuqorilaganim uchun arazlab ketgan boʻlsa kerak. Terim oqara boshladi. Bu maqsadimga yetganim boʻlsa kerak. Samo. Olamga berilgan va qaysidir maʼnoda zabt yetilgan cheksizlikning ajoyib bir namunasi. Men cheksizlikni egalladim. Men… men osmonga qarayman. Boʻlmaydi. Quyosh koʻzimni qamashtiryapti.
Odiljon Rahmatov