Kiyev Rossiya bilan muzokaralar shartlarini o‘zgartirishi mumkin (+video)
Ukrainaning BMTdagi doimiy vakili Andrey Melnik Kiyev Rossiya bilan muzokaralar bo‘yicha o‘z pozitsiyasini qayta ko‘rib chiqishi mumkinligini ma’lum qildi, deb xabar berdi DW nashri
Uning aytishicha, agar BMT Xavfsizlik Kengashi Rossiyaning Ukrainaga qarshi harakatlariga munosabat bildirishni kechiktirishda davom etsa, Kiyev amaldagi front chizig‘i bo‘ylab o‘t ochishni to‘xtatish taklifini o‘zgartirishi mumkin.
«Ukraina adolatli va barqaror tinchlikka erishish uchun Rossiya bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarga tayyor. Ammo sabrimizning ham chegarasi bor», dedi Melnik.
Uning ta’kidlashicha, so‘nggi 15 oy davomida Ukraina BMT Xavfsizlik Kengashini to‘liq va shartsiz o‘t ochishni to‘xtatish haqida rezolyutsiya qabul qilishga chaqirib kelmoqda, ammo bu borada amaliy natija bo‘lmagan.
Melnikning fikricha, front chizig‘i bo‘ylab o‘t ochishni to‘xtatishning o‘zi ham Ukraina uchun katta murosa hisoblanadi.
Ukraina vakili so‘nggi oylarda urush dinamikasi o‘zgarganini ham ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyadagi neftni qayta ishlash zavodlarining qariyb 40 foizi zarar ko‘rgan va bu Kreml harbiy salohiyatiga ta’sir qilmoqda.
Shuningdek, u Moskva atrofida yaratilgan havo mudofaa tizimi ham barcha harbiy ob’ektlarni himoya qilishga qodir emasligini aytdi.
Andrey Melnik Rossiyaning BMTdagi vakiliga murojaat qilib, bosib olingan hududlarni saqlab qolishning iloji yo‘qligini va Rossiya qo‘shinlari Ukraina hududini tark etishi kerakligini bildirdi.
<iframe width="458" height="815" src="https://www.youtube.com/embed/eLrVyy0apcc" title="Kiyev Rossiya bilan muzokaralar shartlarini o‘zgartirishi mumkin" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA