Kitobxonlikda “Farg‘ona tajribasi” bor
Kitob nafaqat bilim manbai, balki tafakkur qayrog‘i, aql chirog‘i, ko‘ngil tabibi, ruhiyat ozig‘idir.
Mamlakatimizda mutolaa madaniyatini yanada yuksaltirish masalasiga davlat miqyosida e’tibor qaratilayotgani jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk, bilimli hamda mustaqil fikrga ega avlodni kamolga yetkazishdek ezgu sa’y-harakatlarga kamarbasta bo‘lmoqda. Farg‘ona viloyatida ham “Kitobxonlik haftaligi” doirasida tashkil etilayotgan tadbirlarda bu alohida e’tirof etilmoqda.
Viloyatda kitobxonlik madaniyatini oshirish borasida “Farg‘ona tajribasi” shakllangan. Ayniqsa, pandemiya davrida “Kitobxonlik oyligi” o‘tkazilib, uning doirasidagi tanlovlarda 189 ming aholi qamrab olinganligi e’tiborga molik. Ma’naviyat va ma’rifat markazi Farg‘ona viloyat bo‘limi tomonidan mahallalardagi kutubxonalar, harbiy qismlar, Mehribonlik uylari, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumta’lim maktablarining kitob fondini boyitish maqsadida 12 mingdan ziyod kitoblar bepul tarqatildi. Shuningdek, kam ta’minlangan, serfarzand oilalarga kitob jamlanmalari sovg‘a qilindi. Shahar va tumanlarda kitob ko‘rgazmalari muntazam tashkil etib kelinmoqda.
Yoshlarda kitob o‘qish ko‘nikmasi shakllansa, kamoloti yo‘lida qolgan barcha amallarni kitobning o‘zi o‘rgatadi. Farg‘onalik 8-sinf o‘quvchisi Muhammadfozil Ismoilovning “Yosh kitobxon” tanlovining respublika bosqichida g‘olib bo‘lishi – bu mamlakatimizda kitobxonlikka qaratilayotgan yuksak e’tiborning samarasidir. Muhammadfozildek yoshlarni kitob o‘qishga qiziqtirish borasida hafta davomida jajji o‘g‘il-qizlarda kitobga bo‘lgan qiziqishni uyg‘otish hamda ularning aqliy salohiyatiga doir mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda. Andijon, Namangan, Farg‘ona yoshlari o‘rtasida kitobxonlik tanlovi, kutubxonachilar uchun mahorat saboqlari, noshirlik salohiyati namoyishi va boshqa turli sohaviy tadbirlar, ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar butun viloyat miqyosida tashkil etilyapti.
Yana bir muhim jihat, viloyatdagi har bir korxona va tashkilotlar rahbarlari haftalik doirasida o‘zlari o‘qigan maktablarga kitob sovg‘a qilish aksiyasi boshlandi. “Farg‘ona tajribasi” sifatida viloyatning har bir mahallasida elektron kutubxona hamda “Ziyo” kitob maskanlari barpo etilayotganligi ham hududlarda kitobxonlik muhiti shakllanishiga xizmat qilishi shubhasiz.
Kitobxonlik haftaligining ochilish marosimida so‘zga chiqqan Farg‘ona viloyati hokimining o‘rinbosari Fayzullo Qosimov, O‘zbekiston xalq shoiri Enaxon Siddiqova, viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi boshlig‘i Shohidbek Aslonov va boshqalar mamlakatimizda kitobxonlikni rivojlantirishga millat kelajagiga daxldor masala sifatida yondashilayotganining samaralari xususida so‘z yuritdi. Mazkur haftalik ma’naviy yuksalishga qo‘yilayotgan yana bir dadil qadam ekanligi ta’kidlandi.
[gallery-1903]
M. Sulaymonov, O‘zA M. Qodirov (surati)