Kitobxonlik tanlovi gʻolibiga avtomashina
Jizzaxda “Kitob dunyosi” va “Kitob markazi” savdo tarmoq markazlari tomonidan tashkil etilgan “Eng kitobxon maktab” koʻrik-tanlovi gʻoliblarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.
Jizzaxda “Kitob dunyosi” va “Kitob markazi” savdo tarmoq markazlari tomonidan tashkil etilgan “Eng kitobxon maktab” koʻrik-tanlovi gʻoliblarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.
Yoshlar innovatsion markazida oʻtkazilgan taqdirlash marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Ichki ishlar, Xalq taʼlimi vazirliklari, Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, “Kitob dunyosi” va “Kitob markazi” savdo tarmoq markazlari, Jizzax viloyati xokimligi, xalq taʼlimi boʻlimlari masʼullari, barcha maktab rahbarlari, shoir va yozuvchilar ishtirok etdi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 13-sentyabrdagi “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targʻib qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash, shuningdek, beshta muhim tashabbusning toʻrtinchisi – yoshlar oʻrtasida kitobxonlikni keng targʻib qilish maqsadida oʻtkazib kelinayotgan anʼanaviy kitob bayramlarining, koʻrik-tanlovlarning ahamiyati katta ekani taʼkidlandi.
Bu kabi tadbirlar nafaqat kitobxonlikni targʻib etish, balki taʼlim muassasalarida adabiyot fani oʻqitilishini, joylarda kutubxonalar faoliyati, kitob savdosidagi yutuq va kamchiliklarni oʻrganishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.

– Ushbu loyihaning hududiy bosqichi hozirgacha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Xorazm, Andijon va Qashqadaryo viloyatlarida muvaffaqiyatli oʻtkazildi, – deydi “Kitob dunyosi” va “Kitob markazi” savdo tarmoq markazlari muassisi Shuhratjon Oxunjonov. – Loyihaning Jizzax viloyati bosqichi joriy yilning 20-yanvaridan boshlanib, 45 kun davom etdi. Loyiha doirasida hududdagi jami 548 ta maktabda kitob yarmarkalari tashkil etilib, ularda 200 mingdan koʻproq oʻquvchilar, ularning ota-onalari uchun arzon narxlarda bolalar adabiyoti, badiiy adabiyotlar, shu jumladan, jahon adabiyoti namunalaridan iborat sara kitoblar taqdim etildi.
Taqdirlash marosimida “Eng kitobxon maktab” loyihasida faol ishtirok etgan tuman xalq taʼlimi boʻlimlariga mukofotlar topshirildi. Jumladan, birinchi oʻrinni egallagan Arnasoy tumani xalq taʼlimi boʻlimi 10 million soʻmlik kitoblar hamda “NEXIA-3” avtomashinasi bilan taqdirlandi. Ikkinchi va uchinchi oʻrinlarni egallagan Yangiobod va Doʻstlik tumani xalq taʼlimi boʻlimlariga kompyuter jamlanmasi, televizor, uyali telefon va kitoblar toʻplamlari sovgʻa qilindi.
– “Kitob dunyosi” va “Kitob markazi” savdo tarmoq markazlari tomonidan amalga oshirilgan “Eng kitobxon maktab” loyihasi oʻquvchilar oʻrtasida kitob targʻibotini amalga oshirishdagi eng xayrli ishlardan biri boʻldi, – deydi Arnasoy tumani xalq taʼlimi boʻlimi mudiri Mirmuxsin Nizomov. – Loyiha doirasida tumanimiz maktablarida oʻtkazilgan yarmarkalarda 20 mingdan ziyod kitob xarid qilindi. Oʻquvchilarimiz navbatdagi yana bir kitobsevarlik loyihasi – viloyat hokimining “Eng yosh kitobxon” tanlovida ham yuqori oʻrinni egallash uchun faol ishtirok etmoqda.
Marosimda loyiha tashkilotchilari tomonidan uyda taʼlim olayotgan imkoniyati cheklangan oʻquvchilarga hamda 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan ayol maktab direktorlariga kitob jamlanmasi sovgʻa qilindi.
Taqdirlash marosimi taniqli sanʼatkorlar va yosh ijrochilar konsert dasturi bilan yakunlandi.