“Kitobxon Kids” – bilim va tafakkur tanlovi
FOTOREPORTAJ
Termiz shahridagi Yoshlar markazida “Kitobxon Kids” tanlovining Surxondaryo viloyati hududiy bosqichi bo‘lib o‘tdi. Tanlov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 15-yanvardagi kitobxonlik madaniyatini rivojlantirishga qaratilgan qarori ijrosi doirasida amalga oshirildi.
Tanlovning o‘ziga xos jihati shundaki, barcha jarayonlar zamonaviy yondashuv asosida – “Mutolaa” mobil ilovasi orqali o‘tkazildi. Bu esa ishtirokchilar bilimini baholashda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash bilan birga, raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish imkonini berdi.
Bellashuvlar 7–10 va 11–14 yosh toifasida tashkil etildi. Ishtirokchilar belgilangan vaqt davomida test va kvest topshiriqlarini bajarib, o‘z bilim va tafakkur darajasini namoyon etdi.
[gallery-29106]
Yakuniy natijalarga ko‘ra, kichik yosh toifasida Sarvarbek Eshnazarov, katta yosh toifasida esa Anisa Soatmurodova eng yuqori natijani qayd etib, tanlovning keyingi bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
G‘oliblar hamda barcha ishtirokchilar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Tanlov yoshlarda kitobxonlikka bo‘lgan muhabbatni kuchaytirish, ularning fikrlash doirasini kengaytirish va intellektual salohiyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA