Kitoblik nuroniylar Samarqandga sayohat qildi
Yurtimizning har bir go‘shasi o‘ziga xos tarovatga va qadimiy obidalarga boy. Lekin shu zaminda yashab turib, ha deganda o‘sha go‘zalliklardan bahramand bo‘la olmaymiz. Shu bois “Mahalla” xayriya jamoat fondi Qashqadaryo viloyati bo‘limi xayrli tashabbuslarni amalga oshirib, hududlardagi nuroniylarni respublikamizning diqqatga sazovor go‘shalariga sayohatga olib bormoqda.
Xususan, fondning Kitob tumani bo‘linmasi tomonidan hududdagi 42 nafar keksa faxriylar ko‘hna va navqiron Samarqand shahrining diqqatga sazovor joylari, tarixiy obidalari, muqaddas qadamjolar va zamonaviy inshootlari bo‘ylab sayohatga olib borildi.
– Joriy yilning noyabr oyi mamlakatimizda “Keksalar uchun sayohat oyligi” deb elon qilinishi yurtimizdagi barcha keksalarni birday xursand qildi, – deydi Palandara MFY faoli K.Turdiyev. – Samarqanddagi tarixiy obidalarga sayohat qilib, ko‘nglimiz tog‘dek ko‘tarildi. Bunday xayrli tadbirlarni tashkil qilganlardan benihoya minnatdormiz.

O‘lmas Barotov, O‘zA.