Kitob va kitobxonlik — inson ma’naviyati ko‘zgusi
Olmazor tumanidagi “Qorasaroy” mahalla fuqarolar yig‘inida bunyod etilgan yangi kutubxonada “Kitob va kitobxonlik — inson ma’naviyati ko‘zgusi” mavzusida ma’naviy tadbir o‘tkazildi.
Unda olimlar, ziyolilar, bolalar yozuvchilari, shoirlar, el suygan san’atkorlar, nuroniy otaxon va onaxonlar, yoshlar ishtirok etdi. Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi direktori Otabek Husanov va Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bo‘lim boshlig‘i Begmat Ochilov mamlakatimizda kitobxonlikka qaratilayotgan e’tibor, yoshlarni kitobga mehrini oshirish borasidagi sa’y-harakatlarga to‘xtalib, bunga yoshlarimiz ham munosib javob qaytarayotganliklarini e’tirof etdi.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati tomonidan mazkur ko‘rkam va zamonaviy kutubxona fondiga yuzga yaqin o‘zbek va jahon adabiyoti durdonalaridan iborat qariyb 1000 nusxa badiiy kitoblar sovg‘a qilindi.

– Mahallamizda 1160 ta xonadonda 7 ming 607 nafar aholi vakillari istiqomat qiladi, – deydi mahalla faoli Nigora Xolmatova. – Shundan 2000 nafardan ortig‘i 16 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan fuqarolardir. Shu mahallaning bir vakili sifatida biz yashayotgan go‘shada kutubxona tashkil etilganidan juda xursandman. Endi farzandlarimiz bo‘sh vaqtlarini unumli o‘tkazib, foydali mashg‘ulot bilan band bo‘lishadi. Olmazor tumanidagi o‘tkazilishi belgilangan bu kabi ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari joriy yilning yakuniga 12 ta yo‘nalish bo‘yicha tashkil etiladi. Shuningdek, 33 ta turli ma’naviy-ma’rifiy va madaniy tadbirga 20 mingdan ortiq aholi qamrab olinadi. Tumanda tashkil etilayotgan har bir tadbir davomida aholi kayfiyatini ko‘tarish, hududda ijtimoiy-ma’naviy holatni yanada yaxshilash, yoshlarni milliy qadriyatlar asosida vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga alohida e’tibor qaratiladi.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Dilshod Rajab o‘z she’rlaridan o‘qib berdi. Shuningdek, ziyolilar, olimlar mamlakatimizda kezib yurgan yangilanish nafasi, izchil islohotlar ortida turgan inson manfaati, olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari har bir yurtdoshimizning ko‘ngliga ko‘chayotgani haqida alohida to‘xtaldi.

D.Mamatova, O‘zA