Kitob tutgan qo‘llargina farzandlarni yorug‘ kelajak tomon boshlay oladi
Prezident tashabbuslari – amalda
Kechki ovqatdan keyin telefon titkilab o‘tiribman. Divanning bir chekkasida jim bo‘lib qolgan qizalog‘imga qarayman. Uning qo‘lida ham onasining telefoni. Hech shubhasiz, bu manzara bugun hammamizga begona emas.
Zamon shiddat bilan o‘zgaryapti, lekin insonning psixologik tabiati o‘sha-o‘shaligicha qolmoqda. Bola kitob o‘qi degan nasihatga emas, har kuni o‘z ko‘zi bilan ko‘radigan manzarasiga taqlid qiladi.
Biz farzandlarimizga kitob o‘qishning ming bir foydasi haqida soatlab gapirishimiz mumkin. Ammo o‘zimiz kun bo‘yi telefon ekranidan ko‘z uzmasak, bu so‘zlarimiz safsata bo‘lib qolaveradi. Bugun ana shu muhim qadam tashlanishi, bola ota-onasining qo‘lida kitob ko‘rishi kerak.

Jarayon oson kechmasligi tayin. Ammo biz farzandlarimiz kelajagi uchun buning qalovini topishga majburmiz. Bugun butun mamlakatimizda kitobxonlik targ‘iboti ta’lim siyosati darajasida tizimli olib borilmoqda. Ana shu jarayonga nima uchun oilamizdagi muhitni esh qila olmaymiz?
Xalqaro tajribadan birgina misol. Yaponiyada bolalarda mutolaa madaniyatini shakllantirish aynan “oilaviy o‘qish soati”dan boshlanar ekan. Ularda kechki payt butun oila a’zolari kamida yarim soat smartfonlarni o‘chirib, birgalikda kitob mutolaa qilisharkan. Bugun O‘zbekistonda yaratilgan imkoniyatlar ana shunday go‘zal an’anani har bir xonadonga olib kirish uchun to‘liq zamin yaratadi.
Bir o‘ylab ko‘raylik, ilgari kitob o‘qimaslik uchun qandaydir bahonalarimiz bor edi. Kitob topish murakkab edi. Chekka hududlarga yangi nashrlar yetib bormasdi yoki ularning narxi hammaning ham cho‘ntagiga to‘g‘ri kelavermasdi. Bugun-chi?

Mamlakatimizda bundan taxminan ikki yil oldin ishga tushirilgan “Mutolaa” mobil ilovasi bugun o‘zbek tilidagi eng yirik va zamonaviy elektron kutubxonaga aylandi. Uning foydalanuvchilari soni salkam besh million kishiga yetdi. Butun respublika bo‘ylab elektron va audiokitoblardan uyda o‘tirib bepul foydalanish imkoniyati yaratildi.
– Bu ilova eng birinchi navbatda chekka qishloqlardagi yoshlarga qog‘oz kitoblarning yetib borishidagi qiyinchiliklar va narx-navo bilan bog‘liq to‘siqlarga barham berdi, – deydi ushbu loyiha rahbari Sirojiddin Olimov. – Hozirda platformada 4 mingdan ortiq eng sara asarlar joylashtirilgan. Ularni xohlagan formatingizda, ya’ni elektron shaklda o‘qishingiz yoki yo‘lda, ishda yurganda audio shaklida tinglashingiz mumkin. Platforma foydalanuvchilari sonini yaqin orada 10 millionga olib chiqishni maqsad qilganmiz. Yurtimiz yoshlarining ilmga, ma’rifatga bo‘lgan chanqoqligi bu marrani zabt etishimizga zamin yaratadi. Qolaversa, kelgusida faqat mamlakat ichida cheklanib qolmoqchi emasmiz. Bu ilova xalqaro standartlarga ham to‘liq javob beradi. Shu sababli uni ingliz, rus va qardosh tillarda ham taqdim etish, dunyo bozoriga chiqish bo‘yicha rejalarimiz bor.
Ilgari chekka bir qishloqdagi yoshlarning kitobga bo‘lgan munosabati haqida kam gapirar edik. Bugun esa davlatimizda olib borilayotgan kitobxonlik siyosatining natijasini aynan o‘sha chekka hududlardagi o‘g‘il-qizlarimiz “Mutolaa”, “1000 kitob”, “Ibrat akademiyasi” kabi ilovalardan faol foydalanayotganida, mahalladagi kutubxonalarga serqatnov bo‘lib qolganida ko‘rishimiz mumkin. Bu loyihalarning faqat poytaxtda emas, butun respublika bo‘ylab yoyilgani juda katta yutuqdir.

Yana bir e’tiborli jihat shundaki, bu ilova oddiygina kitob o‘qish maydoni emas. U muallif va noshirlarni qo‘llab-quvvatlaydigan yangi iqtisodiy yo‘nalishga aylandi. Ilgari yozuvchi faqat qog‘oz kitob sotilsagina daromad olardi. Endi esa “Mutolaa”ning premium versiyasi orqali elektron va audiokitoblardan ham mualliflik huquqiga rioya qilingan holda daromad topmoqda.
O‘tgan bir yilning o‘zida bir milliard so‘mga yaqin mablag‘ yozuvchi va nashriyotlarga to‘lab berildi. Bu milliy kontent uchun pul to‘lash madaniyatini shakllantirmoqda.
Mamlakatimizda yaratilayotgan bu kabi sharoitlar kitobxonlik harakati bilan bir qatorda, butun bir noshirlik va ijod bozoriga kuchli turtki bo‘ldi. So‘nggi besh-olti yil tahlili shuni ko‘rsatadiki, yurtimizda kitob savdosi ko‘rsatkichlari karrasiga oshdi.
Prezident qarori bilan Kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish jamg‘armasining tashkil etilishi bu sohadagi yana bir tarixiy qadam bo‘ldi. Jamg‘arma orqali yozuvchi, tarjimon va noshirlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmi ishga tushdi. Kitoblarni tarjima qilish va nashrga tayyorlash jarayonlari davlat tomonidan moliyalashtirilmoqda. Natijada bozorda zamonaviy boshqaruv, biznes va shaxsiy rivojlanishga oid jahonning eng sara bestsellerlarini o‘zbek tiliga tarjima qilishga ixtisoslashgan yangi nashriyot uylari faoliyati kengaydi.
Jamg‘arma yaqinda yana ikkita yirik loyihani taqdim etdi. Endilikda yosh ijodkorlar davlat buyurtmasi asosida yangi asarlar yozadi va buning uchun ularga munosib pul mukofotlari beriladi.
O‘zbek yoshlari va ilm ahli uchun yana bir katta sovg‘a “1000 kitob” loyihasi bilan bog‘liq. Bu loyiha doirasida jahondagi eng mashhur ilmiy-ommabop kitoblar o‘zbek tiliga o‘girilib, kutubxonalarga bepul tarqatilmoqda. Dastlabki bosqichda o‘ttizga yaqin bebaho asar kitobxonlar qo‘liga yetib bordi. Mazkur tashabbus jahon ilm-fani yutuqlarini o‘z ona tilimizda o‘zlashtirishga xizmat qilish bilan birga, milliy tarjima maktabini yangi bosqichga olib chiqib, o‘zbek tilining nufuzini oshirmoqda.

Bugun xalqaro maydonda O‘zbekiston kitobxon va bilimli yoshlarni rag‘batlantiradigan kam sonli davlatlardan biri sifatida e’tirof etilayotgani ham sir emas. “Yosh kitobxon” va “Yosh kitobxon oila” tanlovlari olis hududlarda yashaydigan o‘quvchilarga ham mutolaa qilib, Prezident sovg‘asi sanalgan yengil avtomobil yutib olish imkonini taqdim etdi.
Bundan tashqari, g‘olib bo‘lgan yoshlarimiz dunyoning eng nufuzli oliygohlarida o‘qish uchun grantlarni qo‘lga kiritishdi. Bu xayol yoki quruq va’da emas. Bu bugungi real voqelik.
Qolaversa, Kitobxonlik milliy harakati doirasida hamda talabalar va o‘quvchilar o‘rtasidagi “Top 100 kitobxon” tanlovida mukofot jamg‘armasi katta bo‘lgan sovrinlar o‘z egalariga topshirilmoqda. Kitob o‘qish yurtimizda eng foydali mashg‘ulotga aylandi.
Bu kabi misollarni yana ko‘plab sanash mumkin. Bu loyihalar davlat shu yo‘nalishda o‘z zimmasidagi vazifani tizimli bajarishda davom etayotganini ko‘rsatadi. Bepul kutubxonalar yaratildi, minglab sara asarlar ona tilimizga o‘girildi, kitob o‘qiganga katta-katta mukofotlar ajratildi. Endigi eng muhim bosqich va eng katta mas’uliyat har birimizning xonadonimizda, oilamizda qoldi.
Bugunoq telefonni o‘chirib, qo‘limizga kitob olaylik. Chunki kitob tutgan qo‘llargina farzandlarni yorug‘ kelajak tomon boshlay oladi.
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA sharhlovchisi