Kitob — kelajakning ma’naviy poydevori
Mamlakatimizda yosh avlodni mutolaaga keng jalb etish, ularning intellektual salohiyatini yuksaltirish va ma’naviy dunyoqarashini boyitish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida qaralmoqda.
Bu borada davlatimiz rahbarining 2020-yil 30-iyunda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini tubdan isloh qilish va yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda. Mazkur hujjatda yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va ma’naviy kamolotini ta’minlash ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan.
Yoshlar oyligi doirasida Sharof Rashidov nomidagi Jizzax viloyati axborot-kutubxona markazida o‘tkazilgan “Adiblar va yoshlar” mavzusidagi motivatsion uchrashuv ana shu ezgu maqsadlarning amaliy ifodasi bo‘ldi.
O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi hamda Sharof Rashidov nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi hamkorligida tashkil etilgan mazkur tadbir ma’naviyat va ma’rifat maydonidagi yana bir muhim muloqotga aylandi.
[gallery-29815]
Uchrashuvga taniqli adiblar va ijodkorlar, “Yosh kitobxon” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichi g‘olibi Jasurbek Abdug‘afforov, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori Visola Tursunova, Jizzax garnizonidagi harbiy qism hamda Milliy gvardiya boshqarmasi harbiy xizmatchilari, Mudofaa ishlari bo‘limi huzuridagi chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklarga tayyorlash markazi kursantlari, talabalar va faol yoshlar yig‘ildi.
Tadbirda kitobning inson hayotidagi o‘rni, badiiy adabiyotning shaxs kamolotiga ta’siri, ijodkorlikning jamiyat taraqqiyotidagi ahamiyati haqida qizg‘in fikr almashildi. Ayniqsa, hayot sinovlaridan o‘tgan ijod ahlining samimiy mulohazalari, muvaffaqiyat sari olib borgan mashaqqatli izlanishlari haqidagi hikoyalari yoshlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Adiblar bilim va mutolaa insonni yuksaltiruvchi eng qudratli kuch ekanini ta’kidlab, yoshlarni doimo o‘qishga, izlanishga va ezgu maqsadlar sari intilishga chaqirdilar. Bu chaqiriqlar zalda o‘tirgan yoshlar qalbida yangi orzu va yangi maqsadlarga qanot bag‘ishlagani shubhasiz.
Tadbirning eng ta’sirli jihatlaridan biri ochiq muloqot muhiti bo‘ldi. Yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan adiblarga murojaat qildi, ijod sirlari, kitob mutolaasi madaniyati va zamonaviy yoshlarning adabiyotga munosabati haqida erkin fikr yuritdi. Ana shunday muloqotlar mustaqil fikrlaydigan, keng dunyoqarashli avlodni tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, uchrashuvda iste’dodli yosh qalamkashlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni yangi asarlar bilan tanishtirish va adabiyotga qiziqishini yanada kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Vatanni madh etuvchi qo‘shiqlar, she’riy chiqishlar va adabiy kompozitsiyalar tadbirga o‘ziga xos ruh bag‘ishladi.
Quvonarlisi, mazkur ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda jami 150 nafar yosh qamrab olindi. Bu raqam ortida esa kitobga mehr qo‘ygan, bilimga chanqoq, ertangi kun taqdiri uchun mas’uliyatni his etadigan yuzlab yosh qalblar mujassam.
“Adiblar va yoshlar” uchrashuvi nafaqat bir kunlik tadbir, balki ma’naviyatga chorlovchi, kitob va inson o‘rtasidagi mustahkam ko‘prikni yanada kuchaytirgan muhim ma’rifiy muloqot sifatida yodda qoldi. Zero, kitob mutolaasi yuksak bo‘lgan jamiyatning kelajagi ham nurli bo‘ladi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari