Kislotali bulutlar haqida tarqalgan xabarlar asossiz
So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoq orqali Eron hududida, go‘yoki, "kislotali bulutlar" hosil bo‘lgani va ushbu hodisa Markaziy Osiyoga yomg‘ir bo‘lib kelishi haqida asossiz xabarlar tarqalmoqda. Gidrometeorologiya xizmati bunday ma’lumot ilmiy asoslanmaganini ta’kidlagan.
Ma’lum qilinishicha, kislotali yomg‘ir havoda oltingugurt va azot oksidi (SO₂ va NOₓ) juda ko‘p to‘planishi va bug‘ bilan kimyoviy reaksiyaga kirishishidan hosil bo‘ladi. Ayni holat faqat yirik sanoat markazlariga yaqin hududlarda yuz berishi mumkin. Havoni ifloslantiruvchi moddalar uzoqqa tarqalganda shamol va tik havo oqimi ta’sirida so‘rilib ketadi. Ya’ni minglab kilometr masofada joylashgan boshqa davlat hududiga "kislotali bulut" sifatida yetib borishi amalda mumkin emas. Yog‘ingarchilik esa asosan muayyan hududdagi bug‘ va aerozol hisobiga yuzaga keladi. Uzoq davlatlardan tayyor "zaharli bulut" ko‘chib kelishi meteorologik jihatdan mantiqsizdir.
Demak, hozir O‘zbekiston va qo‘shni davlatlar hududiga kislotali bulut yopirilishi bilan bog‘liq hech qanday xavf mavjud emas. Ob-havo monitoringi va havo sifati nazorati ehtimoliy g‘ayri tabiiy o‘zgarishlarni qayd etmagan.
F. Yaxshiboyeva, O‘zA