Kishi boshqa joyga ko‘chib ketsa, tug‘ilib o‘sgan joyi «asliy vatani» hisoblanadimi?
Kishi tug‘ilib o‘sgan joyidan boshqa shahar yoki qishloqqa butunlay ko‘chib ketsa, avvalgi manzili uning «asliy vatani» hisoblanishda davom etadimi? Bu masalada fiqh ulamolari tomonidan fatvolar chiqrilib, muayyan mezonlar belgilab berilgan.
Xususan, Hanafiy mazhabiga oid manbalarda kishining avvalgi vatanida uning oilasi yoki ko‘chmas mulki qolgan-qolmagani muhim ahamiyat kasb etishi qayd etilgan.
Qachon avvalgi vatanning hukmi bekor bo‘ladi?
Agar kishi boshqa joyga butunlay ko‘chib ketib, avvalgi yashagan manzilida uy-joyi, ko‘chmas mulki, ayoli yoki farzandi qolmagan bo‘lsa, uning avvalgi «asliy vatani» o‘z hukmini yo‘qotadi.
«Muxtasarul viqoya» asarida: «Asliy vatanni o‘ziga o‘xshashi bekor qiladi», degan fikr keltirilgan.
Ushbu qoidani sharhlar ekan, Mulla Ali Qori bunday degan: “Bu (ya’ni asliy vatanni o‘ziga o‘xshashi bekor qilishi) qachonki, uning avvalgi vatanida xotini, farzandi, ziroati (dehqonchilik qiladigan yeri) yoki shunga o‘xshash unga bog‘liq narsalar (uy-joyi, ko‘chmas mulki, bog‘-rog‘i kabilar) qolmagan bo‘lsa, avvalgi vatanning hukmi bekor bo‘ladi. Ammo tug‘ilib o‘sgan joyida xotini, farzandi (yoki ko‘chmas mulki, uy-joyi) qolgan bo‘lsa, uning avvalgi vatani bekor bo‘lmaydi. U ikki vatanning qaysi biriga kirganda, muqim bo‘lish niyatini qilmasa ham, namozni to‘liq o‘qiydi”
(“Fathu bobil-inoya” kitobidan)
Uy-joy yoki oila qolsa-chi?
Agar kishi boshqa shaharga butunlay ko‘chib ketgan bo‘lsa-da, tug‘ilib o‘sgan joyida uy-joyi, ko‘chmas mulki, ayoli yoki farzandi qolgan bo‘lsa, avvalgi vatanining hukmi bekor bo‘lmaydi.
Bunday holatda kishi ikki joyni ham asliy vatani sifatida saqlab qolishi mumkin. Bu qoida «Fatovoi olamgiriyya» kabi fiqhiy manbalarda ham keltirilgan.
Ota-ona yoki yaqin qarindoshlar qolgan bo‘lsa, hukm qanday?
Muhim jihatlardan biri — yaqin qarindoshlarning avvalgi manzilda yashashi asliy vatan maqomini saqlab qolmaydi. Ya’ni kishi tug‘ilib o‘sgan joyidan butunlay ko‘chib ketgan va u yerda uning uy-joyi, ko‘chmas mulki, ayoli yoki farzandi qolmagan bo‘lsa, ota-onasi, aka-ukasi yoki opa-singillari o‘sha joyda yashashda davom etgani avvalgi manzilni uning asliy vatani qilib qo‘ymaydi.
Uy sotib olishning o‘zi asliy vatan hosil qiladimi?
Yana bir muhim holat — kishining boshqa shaharda uy yoki hovli sotib olishi.
Agar kishi tug‘ilib o‘sgan joyidan butunlay ko‘chib ketishni niyat qilmagan bo‘lsa, ammo boshqa shaharda uy-joy sotib olsa, faqat ko‘chmas mulkka egalik qilishning o‘zi yangi asliy vatanni vujudga keltirmaydi. Shu sababli u mazkur shaharga 15 kundan kam muddatga borsa, musofir hisoblanadi va namozlarni qasr qilib o‘qiydi. Fiqhiy qoidalarga ko‘ra, asliy vatanning hosil bo‘lishi uchun kishining o‘sha joyda tug‘ilib o‘sgani, u yerda umrining oxirigacha yashashni qasd qilgani yoki shu joydan uylangani kabi holatlar e’tiborga olinadi.
Ota-onaning farzandi yashaydigan boshqa shaharga borishi
Bu masalada yana bir holatga e’tibor qaratiladi. Agar farzand ota-onasidan uzoq, (90 km.) safar masofasidagi boshqa shaharda yashasa va ota-ona uning oldiga borsa, ota-ona uchun ham farzandining uyi «asliy vatan» hisoblanmaydi. Shuning uchun ular farzandining oldiga 15 kundan kam muddatga borishsa, musofir hisoblanadilar.
Fiqhiy manbalarda «asliy vatan» tushunchasi kishining oddiy ravishda tug‘ilib o‘sgan joyi yoki u yerda qarindoshlari borligi bilan emas, balki uning yashash maqsadi, oilasi va ko‘chmas mulki bilan bog‘liq holatlar asosida belgilanadi.
Muxtasar aytganda, kishi boshqa joyga butunlay ko‘chib ketib, avvalgi manzilida uy-joyi, ko‘chmas mulki, ayoli yoki farzandini qoldirmasa — avvalgi vatanning hukmi bekor bo‘ladi;
avvalgi manzilda uy-joyi, ko‘chmas mulki, ayoli yoki farzandi qolsa — u joy asliy vatan bo‘lib qoladi. Ota-ona, aka-uka yoki opa-singillarning o‘sha joyda yashashi, o‘z-o‘zidan, avvalgi manzilni asliy vatan maqomida saqlab qolmaydi. Boshqa shaharda uy sotib olishning o‘zi yangi asliy vatanni hosil qilmaydi. Asliy vatan hisoblanmaydigan joyga 15 kundan kam muddatga borilsa, kishi musofir hukmida bo‘ladi.
O‘zA muxbiri Hamroz Bayonov tayyorladi.