Kimyoda yana kamida 100 ta brend mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha dastur ishlab chiqiladi
Mintaqamizda maishiy kimyo mahsulotlari bo‘yicha 2 milliard dollarlik bozor mavjud.
Misol uchun, “Angren” erkin iqtisodiy zonasidagi tadbirkor dunyoga mashhur “Henkel” kompaniyasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Hozirda “Henkel” ushbu korxonani sotib oldi va shu yerdan Hamdo‘stlik davlatlariga mahsulot yetkazib berishni reja qilmoqda.
Bunday loyihalarni ko‘paytirish maqsadida poytaxtdagi sanoat zonalaridan biridagi maydonlar maishiy kimyo loyihalari uchun beriladi.
Ishga tushirilgan korxonalarni brendi bilan birga tayyor daromadli biznes sifatida xususiy sektorga sotish sharti bilan loyihalarga 50 million dollar ajratilishi reja qilindi.
Boshqa viloyatlardagi bunday loyihalarga Sanoat kooperatsiyasi jamg‘armasidan 15 million dollar yo‘naltiriladi.
Umuman, mutasaddilarga maishiy kimyoda yana kamida 100 ta brend mahsulot ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida kimyo sanoatini rivojlantirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.
O‘zA