Kimlarga soliq imtiyozlari beriladi?
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida fraksiya a’zolari «O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda muhokama qildi.
Qayd etilganidek, qonun loyihasi bilan elektron tijorat ishtirokchilariga, ularning milliy reyestriga kiritilgan yoki kiritilmaganligidan qat’i nazar, foyda solig‘i va aylanmadan olinadigan soliq bo‘yicha imtiyozlar berilishi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, yangi barpo etilayotgan bog‘lar, tokzorlar va tutzorlar egallagan yerlarga yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i bo‘yicha imtiyozli davr uch yildan besh yilga uzaytirilishi belgilanmoqda.
Bundan tashqari, loyiha bilan bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun daromad solig‘i bo‘yicha belgilangan imtiyoz mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1,41 baravaridan 3 baravarigacha oshiriladi.
Qizg‘in muhokamalar jarayonida fraksiya a’zolari qonun loyihasini takomillashtirish bo‘yicha takliflar berib, uni qo‘llab-quvvatladilar.
Yig‘ilishda yana bir qator qonun loyihalari ko‘rib chiqilib, qaror qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA