"Kim Vatanga sodiq bo‘lsa, mendirman o‘sha"
Mamlakatimizda "Kim Vatanga sodiq bo‘lsa, mendirman o‘sha" shiori ostida vatanparvarlik oyligi boshlandi va u yangi yilning 15 yanvariga qadar davom etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 29 yilligi hamda Vatan himoyachilari kunini munosib kutib olish va uni umumxalq bayrami sifatida keng nishonlash, aholining milliy armiyamizdan faxrlanish va unga bo‘lgan ishonch hissini oshirish maqsadida o‘tkazilayotgan mazkur vatanparvarlik oyligi boshlanishi munosabati bilan joylarda karantin qoidalariga amal qilgan holda tantanali mitinglar o‘tkazildi.

Unda harbiy xizmatchilar, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, Qurolli Kuchlar faxriylari, aholi va yoshlar faol ishtirok etdi.
Marosimlarda yangragan Davlatimiz madhiyasi barcha ishtirokchilar jo‘rligida ijro etildi.

Shundan so‘ng harbiy xizmatchilar tomonidan jangovar san’atga oid ko‘rgazmali chiqishlar, harbiy texnikalar va qurol-aslahalar ko‘rgazmalari, sahnalashtirilgan buyuk sarkarda va davlat arbobi Jaloliddin Manguberdi obrazi namoyish etildi.
Bugun milliy armiyamiz o‘sib kelayotgan yosh avlod va harbiy xizmatchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning faol hayotiy pozitsiyasini mustahkamlash, mamlakat kelajagi uchun fuqarolik mas’uliyati hissini oshirishga xizmat qiluvchi yetakchi institutga aylanmoqda. Ona Vatanni himoya qilish, uning ravnaqi yo‘lida xizmat ko‘rsatish yoshi, faoliyat sohasi va kasbidan qat’i nazar, har bir fuqaroning chinakam sharafli burchidir. Shu bois respublikamizda Vatan himoyachilari kuni bayramini nishonlashga alohida e’tibor qaratiladi.

Vatanparvarlik oyligi davomida respublikamizning barcha hududlarida "Kim Vatanga sodiq bo‘lsa, mendirman o‘sha" shiori ostidagi uchrashuvlar, davra suhbatlari, aksiyalar va boshqa tadbirlar o‘tkazilib, olis va chekka hududlargacha qamrab olinadi.
Mudofaa vazirligi
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti