Kim Chen In yadroviy dasturni yanada tezlashtirmoqchi
Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In mamlakat yadroviy salohiyatini jadal sur’atlarda kengaytirish vazifasini qo‘ydi.
Bu haqda davlat axborot agentligi KCNA yangi yadroviy material ishlab chiqarish korxonasiga qilingan tashrifdan so‘ng xabar tarqatdi. Pxenyanning ta’kidlashicha, so‘nggi besh yil ichida qurol uchun mo‘ljallangan yadroviy material ishlab chiqarish hajmi ikki baravardan oshgan.
Tashrif davomida Kim Chen In yangi texnologiyalar joriy etilgan ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishgan. Shuningdek, amaldagi ko‘rsatkichlar va kelgusi rejalar haqida hisobot eshitgan. Davlat matbuoti e’lon qilgan suratlarda u silindr shaklidagi uskunalar joylashgan majmua ichida ko‘ringan.
Pxenyan yadroviy qurollar dasturini kuchaytirish zaruratini tashqi xavflar va uzoq muddatli qarama-qarshiliklar bilan izohlamoqda. Kim Chen In mamlakatning yadroviy tiyib turish salohiyatini yanada mustahkamlash siyosati o‘zgarmasligini bildirgan. Shu kuni yadroviy kuchlarni rivojlantirishga bag‘ishlangan maxsus yig‘ilish ham o‘tkazilgan.
Janubiy Koreya harbiylari fikricha, Kim tashrif buyurgan ob’ekt uran boyitish majmuasi bo‘lishi mumkin. Ayrim tahlilchilar esa bu qadam ehtimoliy diplomatik muzokaralar oldidan Pxenyanning pozitsiyasini mustahkamlashga qaratilganini aytmoqda. Xususan, Xitoy rahbari Si Szinpinning ehtimoliy tashrifi haqidagi taxminlar ham muhokama qilinmoqda.
Ekspertlar Shimoliy Koreya hozir taxminan 50 ta yadroviy jangovar kallakka ega bo‘lishi mumkinligini qayd etadi. Biroq mamlakat rasman o‘z arsenali hajmi haqida hech qachon ma’lumot bermagan. Shu sababli Pxenyanning haqiqiy yadroviy imkoniyatlari hali ham xalqaro hamjamiyat uchun muhim savol bo‘lib qolmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA