Kikboksing rivoji — xalqaro muloqot markazida
Bugun O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligida jahon sportida nufuzli hisoblangan Butunjahon kikboksing assotsiatsiyalari tashkiloti — WAKO Prezidenti Roy Beyker ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda sport vaziri o‘rinbosari Shahrillo Mahmudov hamda O‘zbekiston kikboksing assotsiatsiyasi rahbariyati qatnashdi.

Uchrashuv davomida mamlakatimizda kikboksing sport turini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, erishilayotgan natijalar va istiqbolli rejalar muhokama qilindi. Ta’kidlanganidek, bugungi kunda yurtimizda kikboksing bilan shug‘ullanuvchilar soni 20 ming nafardan ortiqni tashkil etmoqda.
Shuningdek, xalqaro musobaqalarda ishtirok etayotgan o‘zbekistonlik kikboksingchilar Vatanimiz sharafini munosib himoya qilib kelayotgani alohida e’tirof etildi. Tomonlar ushbu sport turini yanada ommalashtirish, sportchilar tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.

Uchrashuvdan so‘ng WAKO Prezidenti Roy Beyker davlatimiz rahbari tashabbusi bilan barpo etilgan "Olimpiya shaharchasi" hududida joylashgan zamonaviy sport inshootlari bilan yaqindan tanishdi.
Martabali mehmon ushbu majmua O‘zbekistonda sportni rivojlantirish, ayniqsa yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Ushbu uchrashuv kikboksingning O‘zbekistondagi kelajagi xalqaro e’tibor markazida ekanini yana bir bor ko‘rsatdi. WAKO bilan hamkorlik esa yangi imkoniyatlar va katta yutuqlarga yo‘l ochishi kutilmoqda.
Nigora Rahmonova, O‘zA