Kichik sanoat zonasida korxonalar ko‘paymoqda
Shu kunlarda Buxoroning Olot tumanidagi “Xalifa” mahalla fuqarolar yig‘inida 3 ta yirik sanoat korxonasi barqaror faoliyatini olib bormoqda. Jumladan, turkiyalik investorlar sarmoyasi asosida ishlayotgan “Gulin Melange Tekstil” MCHJda 120 dan ortiq fuqaroning bandligi ta’minlangan. Ahamiyatli jihati, bir yilda 3 ming tonna aralash tolali ip kalavani tayyorlab chiqarayotgan korxonada o‘nlab mahalliy oilalarning moddiy manfaatdorligi ta’minlanmoqda.
Shu mahallada MCHJ shaklida faoliyat yuritib kelayotgan “Olot spinner” korxonasida 130 dan ortiq fuqaro ish bilan ta’minlangan. Bu ishlab chiqarish sub’ekti bir yilda 5 million kvadrat metr hajmdagi to‘quv va 3 million pagonometr hajmdagi yigiruv ishlarini amalga oshirib kelmoqda.

Yuqoridagi korxonalarga yondosh yana bir ishlab chiqarish maskani “Shox Gold Tekstil” MCHJ faoliyati ham keyingi oylarda rivojlanish bosqichida. Bugunga kelib mazkur korxona 1 ming 200 pagonometr miqdoridagi bo‘z mato ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bu korxona tomonidan 2023 yil davomida 230 ming AQSH dollari miqdoridagi bo‘z mato mahsuloti chet eldagi hamkor buyurtmachilarga eksport qilingan bo‘lsa, joriy yilda ushbu ko‘rsatkichni ikki barobariga orttirish borasida muzokaralar olib borilib, shunga yarasha ishlab chiqarish quvvatlari oshirilmoqda. Jamiyat ma’muriyati tomonidan yaqin kunlar ichida to‘quv fabrikasining ham faoliyati yo‘lga qo‘yilishi kutilmoqda.
Bu sanoat zonasida tadbirkorlik sub’ektlari soni oshmoqda.


Zarif Komilov, O‘zA muxbiri