Kichik biznes loyihalari moliyaviy qo‘llab-quvvatlanadi
“Moliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashni kengaytirishga doir navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
2026-yilning 26-may kuni qabul qilingan ushbu qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-iyulgacha kredit olish uchun ariza berish hamda ariza bo‘yicha bir nechta banklarning takliflarini olish imkonini beruvchi raqamli moliyaviy platforma ishga tushiriladi.
Tijorat banklari tomonidan mahallalar ixtisoslashuvi va “o‘sish nuqtalari”ni hisobga olib biznes g‘oyalarni ishlab chiqish orqali tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan “AI maslahatchi” dasturi ishga tushiriladi.
2026-yil 1-iyuldan “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” kompleks dasturi doirasida avval Dastur doirasida mikrokreditdan foydalangan va ijobiy kredit tarixiga ega bo‘lgan tadbirkorlarga mikrokreditning garovsiz qismi 100 mln. so‘mdan 200 mln. so‘mgacha oshiriladi.
“Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ tomonidan kichik tadbirkorlik sub’ektlariga kredit miqdoridan qat’i nazar, uning 5 mlrd. so‘mgacha qismidan kelib chiqib foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiya taqdim etiladi.
Har yili Dastur asosida qo‘llab-quvvatlangan va yuqori ko‘rsatkichga ega 100 ta tadbirkorga faoliyatini raqamlashtirish, xalqaro standartlar va yashil texnologiyalarni joriy etish xarajatlari uchun 300 mln so‘mgacha grant ajratiladi.
Sherbek Islomov,
O‘zA