“KHISO” olimpiadasi
1-iyun — Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida yoshlarni ilm-fanga keng jalb etish, ularning intellektual salohiyatini namoyon etish hamda iqtidorli o‘quvchilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan nufuzli tadbir — matematika fanidan “KHISO” (KHWARIZMI INTERNATIONAL SCHOOL OF OLYMPIADS) olimpiadasi tashkil etildi.
Mazkur bilimlar bellashuvida respublikamizning turli hududlaridan kelgan qariyb 1000 nafar iqtidorli o‘quvchi ishtirok etdi. Olimpiada yoshlarga o‘z bilim va salohiyatini namoyon qilish, tengdoshlari bilan tajriba almashish hamda yangi yutuqlar sari intilish uchun munosib maydon vazifasini o‘tadi.

Bilimlar sinovi davomida ishtirokchilar matematik masalalarni yechishda yuqori darajadagi mantiqiy fikrlash, tahlil qilish, tezkor qaror qabul qilish va murakkab vazifalarga ijodiy yondashish qobiliyatlarini namoyish etdi. Bu esa ularning kelajakda ilm-fan va innovatsiyalar sohasida yuksak natijalarga erishishlari uchun mustahkam zamin yaratadi.

Tadbirning asosiy maqsadi yosh avlodning fanga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularni mustaqil fikrlashga undash, iqtidorli o‘quvchilarni aniqlash va qo‘llab-quvvatlashdan iborat bo‘ldi. Shuningdek, olimpiada orqali matematika fanining ahamiyatini keng targ‘ib qilish va mamlakatimizda intellektual muhitni yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.

G‘oliblar tantanali ravishda diplom, sertifikat hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri