Keniyada diniy jamoa rahbari 191 kishining o‘limida aybdor deb topildi
Keniya sudi pastor Pol Makkenzi va uning sheriklarini 191 kishini o‘ldirganlikda aybdor deb topdi. Prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, diniy mazhab rahbari izdoshlarini och yurishga undagan va ularga Iso bilan uchrashuv, o‘limdan keyin najot va’da qilgan.
Uning ko‘rsatmalariga ko‘ra, avval bolalar, keyin turmushga chiqmagan qizlar, erkaklar va so‘ngra mazhab rahbarlari ro‘za tutishlari kerak edi. Omon qolganlarning ta’kidlashicha, Makkenzining o‘zi ro‘za tutmagan.
Tergov mahalliy erkakning mazhabga qo‘shilgan rafiqasi va qizi bilan bog‘lana olmaganidan keyin boshlangan.
2023-yil aprel oyida politsiya Shakahola o‘rmonida ommaviy qabrlarni aniqladi. Qazishmalar natijasida 400 dan ortiq jasad topilgan. Jami 429 kishining o‘lganligi tasdiqlandi. Sud-tibbiy ekspertizalari shuni ko‘rsatdiki, qurbonlarning aksariyati ochlikdan o‘lgan, ba’zilari bo‘g‘ilish va bosh jarohatlaridan vafot etgan.
2024-yil yanvar oyida Makkenzi 191 kishini o‘ldirishda ayblandi va uning cherkovi uyushgan jinoyatchilik guruhi deb e’lon qilindi. Ruhoniy ayblovlarni rad etdi. Uning va boshqa sudlanuvchilarning jazosi 6-noyabrga belgilangan. Ular umrbod qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.
S.Rahimov, O‘zA