Kelgusi rejalar belgilab olindi
Jizzax viloyati iqtisodiyotida amalga oshirilayotgan tarkibiy o‘zgarishlar, sanoatning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlar samarasida 2015-yilda yalpi hududiy mahsulot ishlab chiqarish hajmi 9,1 foiz o‘sdi.
Jizzaxda Prezidentimizning mamlakatimizni 2015-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2016-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisidagi ma’ruzasida belgilab berilgan vazifalar hamda "Sog‘lom ona va bola yili" Davlat dasturi ijrosini ta’minlash borasida amalga oshiriladigan ishlarga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.Viloyat iqtisodiyotida amalga oshirilayotgan tarkibiy o‘zgarishlar, sanoatning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlar samarasida 2015-yilda yalpi hududiy mahsulot ishlab chiqarish hajmi 9,1 foiz o‘sdi. Bunda kichik biznesning ulushi 8,1 foiz, xizmatlar ulushi 38,8 foizni tashkil etdi. Bandlik dasturi doirasida 44 ming 158 yangi ish o‘rni yaratildi.
Sanoat sohasida umumiy qiymati 254 milliard so‘mlik 213 loyiha amalga oshirildi. Natijada viloyatda qo‘shimcha 260 milliard so‘mlik 50 dan ortiq turdagi sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish o‘zlashtirildi. Qishloq xo‘jaligida 664, jumladan, chorvachilikda 84, parrandachilikda 23, baliqchilikda 19, asalarichilikda 73 loyiha amalga oshirildi. Intensiv agrotexnologiyalarga asoslangan 1 ming 249 gektar bog‘ va 1 ming 844 gektar tokzor barpo etildi.
Viloyatda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni kengaytirish va rivojlantirish uchun tijorat banklarining 346 milliard so‘mlik mablag‘i o‘zlashtirildi. Tadbirkorlik subyektlariga 16 turdagi xizmatlarning “Yagona darcha” markazlari orqali ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yildi.
O‘tgan yili 15 massivda namunaviy loyihalar asosida 690 uy-joy qurilib, ushbu massivlarda 22,7 kilometr ichimlik suvi, 14,7 kilometr elektr, 21 kilometr tabiiy gaz tarmog‘i tortildi.
Tadbirda 2016-yilda iqtisodiyotning barcha sohalarida o‘sish sur’atlarini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berildi. Xususan, joriy yilda qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda umumiy qiymati 47 milliard so‘mlik 3 ming 158 loyiha amalga oshiriladi.
Ayni kunlarda ekin maydonlarini optimallashtirish, zamonaviy agrotexnikalarni joriy etish hisobidan don yetishtirishni 12, kartoshkani 16, sabzavotni 23, meva va uzumni 14 foizga ko‘paytirish bo‘yicha qizg‘in ish olib borilmoqda. Shuningdek, o‘tgan yilga nisbatan go‘sht yetishtirishni 6, baliqni 11, asalni 27 foizga ko‘paytirish uchun imkoniyatlar yaratilmoqda.
Tadbirda “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi doirasida amalga oshiriladigan ishlar atroflicha ko‘rib chiqildi.
Tadbirda Jizzax viloyati hokimi S.Ismoilov so‘zga chiqdi.