Kelajakka raxna solayotgan illatlar
Toshkent moliya institutida “Kelajakka raxna solayotgan illatdan saqlaning!” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Unda Toshkent shahar bojxona boshqarmasi xodimlari, institut professor-o‘qituvchilari va talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, giyohvandlikka qarshi kurashishda idoralararo hamkorlik muhim ahamiyat kasb etadi.

– Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni muvofiqlashtirishning ta’sirchan tizimini yaratish, qonun buzilishlarining oldini olish va ularni bartaraf etishning zamonaviy tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini joriy etish dolzarb masalalardan biridir , – deydi Toshkent shahar bojxona boshqarmasi katta inspektori Dilafruz Mahkamova. – Boshqarmamiz tomonidan 2022 yil va 2023 yilning o‘tgan davri mobaynida 43 kilogramdan ortiq giyohvandlik vositalari, 290 dona psixotrop moddalar, 1 kilogramdan ortiq kuchli ta’sir qiluvchi moddalar hamda 83 ming 522 dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy muomalasiga chek qo‘yildi. Ushbu zahri qotillarning savdosi bilan shug‘ullanayotgan shaxslarning asosiy qismini 20-30 yoshdagi fuqarolar tashkil etayotgan bo‘lsa, ularning orasida ayollar ham uchrab turishi achinarlidir.

Davra suhbatida mutaxassislar yoshlarni bu kabi illatlardan saqlanishga chaqirib, ularni qiziqtirgan savollarga javob qaytardi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA