Kelajakka qadam: bilim va tadbirkorlik uyg‘unlashganda
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan shiddatli islohotlarning markazida inson manfaati va navqiron avlod taqdiri mujassam. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek: “Biz uchun yoshlar — bu nafaqat kelajagimiz, balki bugunimiz, taraqqiyotimizning asosiy kuchi va poydevoridir”.
Darhaqiqat, mamlakatimizda yoshlarning sifatli ta’lim olishi, munosib ish bilan ta’minlanishi va o‘z iqtidorini to‘liq namoyon etishi uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar nafaqat ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, balki mamlakat iqtisodiy qudratini yuksaltirishning strategik omiliga aylandi. Ayniqsa, oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini mehnat bozori talablariga mos kadrlar sifatida tayyorlash va ularni tadbirkorlikka yo‘naltirish borasida yangi tizim yaratildiki, Buxoro davlat universitetida o‘tkazilgan “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” ana shunday izchil islohotlarning amaliy ifodasi sifatida bitiruvchi yoshlarning mustaqil hayotga ishonch bilan qadam tashlashi uchun o‘ziga xos muloqot maydoniga aylandi.
Viloyatdagi davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalari rektorlari, olimlar hamda bitiruvchi talabalar jam bo‘lgan ushbu anjumanda Davlatimiz rahbarining 2025-yil 14-fevraldagi “Oliy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining ishga joylashishiga ko‘maklashish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi 61-sonli qarorining mazmun-mohiyati atroflicha tahlil qilindi.
[gallery-28639]
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari O‘ktam Salomov ta’kidlaganidek, mazkur hujjat bitiruvchilarni kasbiy faoliyatga yo‘naltirish va ularning mehnat bozoriga tezkor moslashuvini ta’minlashda inqilobiy qadam bo‘ldi. Prezidentimizki, “Ta’lim — jamiyat taraqqiyotining asosi, ilm-fan esa uning harakatlantiruvchi kuchidir”, deya uqtirgan ekan, demak, tijorat banklari va xususiy sektorning oliy ta’lim bilan uzviy bog‘lanishi talabalarning amaliyot jarayonidayoq o‘z ish o‘rniga ega bo‘lishini kafolatlaydi.
Uchrashuvning eng amaliy qismi sifatida “O‘zmilliybank” AJ tomonidan ishlab chiqilgan “Kelajakka qadam” dasturi ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Dastur doirasida yoshlarning biznes g‘oyalarini shunchaki qog‘ozda qoldirmay, ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash va amaliy hayotga tatbiq etish mexanizmi ko‘rsatib berildi. Tadbirning hayajonli lahzalari iqtidorli yoshlarning startap va innovatsion loyihalari taqdimotiga ulanib ketdi. Xususan, Buxoro davlat universiteti bitiruvchisi “Nazir Shohjahon” MCHJ rahbari Akobirxo‘ja Xudoyberdiyevning polipropilen qop ishlab chiqarishni kengaytirish tashabbusi “O‘zmilliybank” AJ tomonidan 1,8 milliard so‘m miqdorida moliyalashtirilgani barchaga namuna bo‘ldi. Bu raqamlar shunchaki statistika emas, balki bitta yosh tadbirkor timsolida yana o‘nlab yangi ish o‘rinlari demakdir.
Xulosa qilib aytganda, mazkur uchrashuv talaba-yoshlarning muammolarini tinglash va ularga real yechimlar taklif etishda davlat bilan yoshlar o‘rtasidagi “oltin ko‘prik” vazifasini o‘tadi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek: “Bir narsani unutmang: Sizlar — Yangi O‘zbekiston bunyodkorlarisiz. Sizlarning bilim va shijoatingiz bugungi islohotlarimizning muvaffaqiyatini belgilaydi”. Bu kabi tadbirlar bitiruvchi yoshlarning kelajakka bo‘lgan ishonchini mustahkamlab, ularni faol va raqobatbardosh kadrlar sifatida shakllantirishga xizmat qiladi. Eng muhimi, bugungi yoshlar o‘z g‘oyalarini amalga oshirish uchun davlat tomonidan real moliyaviy ko‘mak mavjudligini amalda his etmoqda, bu esa iqtisodiyotimizning barqaror rivojlanishi yo‘lidagi eng to‘g‘ri va ortga qaytmas yo‘ldir.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbiri