“Kelajakka qadam”: amaliy ifoda va ishonchli istiqbol yo‘li
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida “Kelajakka qadam” dasturi doirasida bitiruvchi yoshlar bilan uchrashuv tashkil etildi.
Tadbirda filial rahbariyati bilan bir qatorda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi, “O‘zmilliybank”, “Aloqabank” hamda “Mikrokreditbank” hududiy filiallari mutasaddilari ishtirok etdi.
Uchrashuvda bugungi taraqqiyot bosqichida yoshlarning bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlikka keng jalb etish va mustaqil hayotga tayyorlash davlat siyosatining muhim yo‘nalishiga aylanganini alohida ta’kidlandi. Bu borada oliy ta’lim muassasalari zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklanayotgani qayd etildi.
Filialda joriy yilda 205 nafar bitiruvchi katta hayot sari yo‘l olmoqda. Ularning 113 nafari bakalavr, 21 nafari magistratura bosqichi bitiruvchisi, 71 nafari sirtqi ta’lim shaklida tahsil olgan yoshlar hisoblanadi.
Muloqot davomida mutaxassislar tomonidan “Kelajakka qadam” dasturining mazmun-mohiyati keng yoritildi. Ta’kidlanganidek, mazkur dastur yoshlarni qo‘llab-quvvatlashning yangi bosqichini boshlab berib, ularning iqtisodiy faolligini oshirish, tashabbuslarini rag‘batlantirish va real daromad manbalarini yaratishga xizmat qilmoqda. Ayniqsa, moliyaviy ko‘mak, imtiyozli kreditlar va amaliy maslahatlar tizimi yoshlar uchun keng imkoniyatlar eshigini ochmoqda.
Dastur doirasida ilgari surilayotgan tashabbuslar mazmunan uzviy va bosqichma-bosqich rivojlanishga asoslangan. Unda yoshlarni tadbirkorlikka ilk bor jalb etish, o‘z biznesini shakllantirish, faoliyatini kengaytirish, investitsiyalarni yo‘naltirish hamda dastlabki kasbiy ko‘nikmalarni mustahkamlash kabi jarayonlar yagona tizim asosida uyg‘unlashtirilgan.
Bu yondashuv yoshlarning g‘oyasini amaliy natijaga aylantirish, ularni mustaqil iqtisodiy sub’ekt sifatida shakllantirishga xizmat qilmoqda. Jumladan, “Kelajakka qadam” dasturi esa ushbu siyosatning amaliy ifodasi sifatida hayotga izchil tatbiq etilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, “Kelajakka qadam” dasturi bugungi yoshlar uchun muhim ijtimoiy tashabbus bo‘lib, ularning hayotda o‘z o‘rnini topishi, jamiyatda faol pozitsiyani egallashi va mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishida mustahkam tayanch vazifasini o‘tamoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA