Kelajak bunyodkorlarini tarbiyalayotgan ustozlar e’zozlandi
Inson qalbiga nur, ongiga ma’rifat, hayotiga yo‘l-yo‘riq bag‘ishlaydigan sharafli kasb egalari — ustoz va murabbiylar kuni Sirdaryo viloyatida ham ko‘tarinki ruhda nishonlandi. Viloyat markazidagi muhtasham amfiteatrda o‘tkazilgan tantanali tadbirda ta’lim-tarbiya sohasida ko‘p yillar samarali mehnat qilgan, yosh avlod kamolotiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan fidoyi pedagoglar alohida e’zozlandi.
Tadbirda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov sirdaryolik ustoz va murabbiylarni kasb bayrami bilan tabriklab, ta’lim sifatini oshirishda pedagoglar mehnati muhim o‘rin tutishini ta’kidladi.
So‘nggi yillarda ta’lim tizimida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilib, yangi muassasalar barpo etilmoqda, o‘quv dasturlari yangilanmoqda, zamonaviy pedagogik va raqamli texnologiyalar joriy qilinmoqda. Pedagoglarning mehnati va kasbiy rivojini rag‘batlantirishga ham e’tibor kuchaytirildi.
Bugun Sirdaryo viloyatida 325 nafar pedagogning oylik ish haqi ming dollardan ortiq. Yana 200 nafar o‘qituvchiga 70 foiz miqdorida ustama to‘lanmoqda. 2026/2027 o‘quv yilidan davlat oliy ta’lim tashkilotlarining kunduzgi bakalavriatida kontrakt asosida tahsil olayotgan pedagoglar farzandlariga kontrakt to‘lovining 30 foizi miqdorida chegirma berilishi belgilandi.
Viloyat pedagoglarining kasbiy ko‘rsatkichlari ham e’tiborga molik. So‘nggi to‘qqiz yilda 50 nafardan ortiq sirdaryolik o‘qituvchi va murabbiy davlat mukofotlari bilan taqdirlangan. 360 nafar pedagog «Xalq ta’limi fidoyisi» va «Xalq ta’limi a’lochisi» ko‘krak nishonlariga sazovor bo‘lgan.
Joriy yilda 11 nafar sirdaryolik pedagog «Yil o‘qituvchisi» respublika tanlovida g‘olib bo‘lib, har biri 616 million so‘mdan bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantirildi. «Kasbiy mahorat yetakchisi» respublika tanlovida Sirdaryo viloyati Pedagogik mahorat markazi direktori Gulasal Berdaliyevaning g‘olib bo‘lgani ham viloyat ta’lim tizimidagi muhim ko‘rsatkichlardan biri bo‘ldi.
[gallery-31704]
— Bunday yutuqlar, avvalo, ustozlarning kasbiga sadoqati, izlanishi va shogirdlar kelajagiga bo‘lgan mas’uliyati samarasidir. Pedagog mehnatining haqiqiy samarasi uning shogirdlari erishayotgan yutuqlarda namoyon bo‘ladi, — dedi Erkinjon Turdimov.
Bu fikrlar o‘quvchilarning ko‘rsatayotgan yutuqlarida ham o‘z ifodasini topmoqda. Joriy yilda sirdaryolik bitiruvchilarning 318 nafari muddatidan oldin talaba bo‘ldi, 38 nafari xorijiy oliy ta’lim muassasalarining grantlarini qo‘lga kiritdi.
Viloyat tarixida ilk bor Xitoyda o‘tkazilgan 67-xalqaro matematika olimpiadasida sirdaryolik o‘quvchilarning medallarga sazovor bo‘lishi ham ta’limdagi izlanishlar samarasini ko‘rsatdi.
Murabbiylar sa’y-harakatining samarasi sportdagi ko‘rsatkichlarda ham namoyon bo‘lmoqda. Ayni paytda Yaponiyaning Nagoya shahrida o‘tkazilayotgan yozgi Osiyo o‘yinlarida viloyat sportchilari 1 ta oltin, 9 ta kumush va 5 ta bronza — jami 15 ta medalni qo‘lga kiritdi.
— Ustoz mehnatining samarasi faqat bugungi ko‘rsatkichlar bilan cheklanmaydi. Uning samarasi shogirdning bilimi, yutug‘i va kelajakdagi o‘rnida namoyon bo‘ladi. O‘zbekiston xalq shoirasi Halima Xudoyberdiyevaning «Muallim deb bolalarga harf tanitgan, xalqni tanitgan odamlarga aytiladi», degan so‘zlari ham ana shu haqiqatni ifodalaydi, — dedi viloyat rahbari.
Bugun Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulkan maqsad oldinga qo‘yilgan bir paytda ustoz va murabbiylarning mas’uliyati yanada ortmoqda. Chunki bugungi dars va tarbiya ertangi jamiyatning bilimli, malakali va faol avlodini shakllantiradi.
Tantanali tadbirda ta’lim-tarbiya sohasida ko‘p yillar samarali mehnat qilib, barkamol avlodni voyaga yetkazish, yoshlarni vatanparvarlik va istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash, soha rivojiga munosib hissa qo‘shgan 4 nafar fidoyi ustoz davlat mukofoti bilan taqdirlandi.
Shuningdek, «Yil o‘qituvchisi» respublika tanlovida g‘olib bo‘lgan 8 nafar pedagog 616 million so‘mlik sertifikatlar bilan rag‘batlantirildi. Ta’lim-tarbiya sohasida ko‘p yillar samarali mehnat qilgan ustozlarga viloyat hokimligining faxriy yorliqlari topshirildi.
— Bu yil men uchun omadli keldi desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki «Yil o‘qituvchisi» respublika tanlovida ishtirok etib, g‘oliblar safidan joy oldim. Buning uchun, avvalo, muhtaram Prezidentimizga, meni qo‘llab-quvvatlagan yaqinlarimga, faoliyat yuritayotgan maktabimdagi mehri daryo, qalbi pok, ilmga chanqoq o‘quvchilar ta’lim-tarbiyasiga mas’uliyat bilan yondashadigan pedagoglar jamoasiga katta rahmat aytaman.
Rostini aytsam, «Yil o‘qituvchisi» bo‘lish orzum edi. Ammo unga erisha olarmikanman degan savol ko‘p o‘ylantirardi. Hamma narsa niyat, intilish va o‘z ustida ishlashga bog‘liq, deyishadi. Men buni mana shunday quvonchli kunda, ya’ni O‘qituvchi va murabbiylar bayrami arafasida his etdim. Shu bois bu bayram men uchun qo‘shaloq bayram, — deydi Shirin shahridagi 3-sonli umumta’lim maktabining boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Sayyora Berdiyorova.
Bayramning tantanali qismi poytaxt va mahalliy san’atkorlar ishtirokidagi teatrlashtirilgan konsert dasturi bilan davom etdi.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat) O‘zA