Keksalarimizga hurmat va ehtirom ko‘rsatilmoqda
Mamlakatimizda keksalarni hurmat qilish, ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish mustaqillikning dastlabki yillaridanoq davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Xalqimizda “Qarisi bor uyning parisi bor”, degan ibratli gap bor. Darhaqiqat, keksalari bor xonadonda quvonch, fayzu baraka, xotirjamlik hukm suradi. Keksalarga ehtirom, e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish esa necha ming yillardan buyon yashab kelayotgan boqiy qadriyatlarimizdan hisoblanadi.
Davlatimiz tomonidan esa keksalarni e’zozlash, ijtimoiy muhofazalash borasida alohida e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatib kelinmoqda.
Yangi yil bayrami arafasida ham nevara-yu evaralar qurshovida keksalik gashtini surayotgan ikkinchi jahon urushi qatnashchilari holidan xabar olinmoqda.
Navoiy viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Normat Tursunov Nurota tumanidagi Amir Temur mahallasida istiqomat qiluvchi 2-jahon urushi qatnashchisi Mavlon bobo Adizov xonadoniga tashrif buyurdi va Prezidentimizning bayram tabrigini o‘qib berdi. Boboga bayram sovg‘asi va “Mustaqilligimizning 30 yilligi” ko‘krak nishonini topshirdi.
O‘zaro suhbat chog‘ida yurtimizda har bir islohot “Inson qadri uchun” tamoyili asosida amalga oshirilayotganligi ta’kidlanib, bugungi dorilomon kunlarga shukronalik keltirildi.
Shuningdek, viloyat hokimi G‘ozg‘on shahrida istiqomat qiluvchi 102 yoshni qarshilagan Tursunqul bobo Ergashev holidan ham xabar oldi va Prezident tabrigi va Yangi yil sovg‘asini topshirdi.
Darhaqiqat, keksalarimizga ko‘rsatilayotgan hurmat va ehtirom, ularning salomatligini asrash va hayotiy tajribalaridan unumli foydalanish kelajagimiz egalari bo‘lmish farzandlarimizning ertangi kuni yanada porloq bo‘lishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA