Kechagi bojxonani bugungisi bilan taqqoslab bo‘lmaydi
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi tashabbusi bilan jurnalist va blogerlar uchun matbuot anjumani o‘tkazildi. Tadbirda boshqarmaning 2021 yildagi faoliyati xususida atroflicha ma’lumot berildi.
– Kechagi bojxonani bugungisi bilan taqqoslab bo‘lmaydi, – deydi boshqarma boshlig‘i Zafar Turdialiyev. – Xususan, Davlatimiz rahbarining 2021 yil 10 sentyabrdagi farmoni faoliyatimizni yanada takomillashtirishda muhim omil bo‘ldi. Sohada yangi tizim – “Masofaviy elektron deklaratsiyalash” 2021 yil 1 oktyabridan yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek faoliyatimizda pullik xizmatlar ko‘rsatishning yangi turlari joriy etilib, bojxona organlari tadbirkorga xizmat ko‘rsatuvchi yoki yordam beruvchi biznes-hamkor idora sifatida bojxona organlari Markaziy laboratoriyasiga alohida yuridik maqom berildi va o‘z faoliyatini boshladi.
Boshqarma boshlig‘i jurnalist va blogerlar tomonidan berilgan sohaga tegishli bo‘lgan savollarga javob berdi.
[gallery-5563]
Jumladan, pirotexnika mahsulotlarini olib kirish ta’qiqlanganiga qaramay bayram kunlarida viloyatning shahar va tumanlarida aholi vakillari, asosan yoshlar tomonidan uyushtirilgan mushakbozlik o‘yinlari haddan tashqari kuchayib ketgani xususidagi savolga izoh berar ekan, u mahsulotlar bojxona postlaridan o‘tmaganini, balki turli xil noqonuniy, yashirin yo‘llar orqali kirib kelganini va kelgusida bu kabi salbiy holatlarning oldini olish uchun tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda ta’sirchan chora-tadbirlar ishlab chiqilayotganini ta’kidladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yilda viloyatdagi bojxona postlaridan 243,1 million AQSH dollarlik mahsulotlar eksport qilingan. Bu 2017 yildagi ko‘rsatkichlarga qiyoslaganda 6,1 foizga oshgan. Shuningdek 2021 yil davomida chegara postlaridan 489,5 million AQSH dollarlik mahsulotlar import qilingan. 2017 yilga nisbatan import hajmi 11 foizga ko‘paygan. Bundan tashqari, boshqarma tomonidan o‘tgan besh yilda 1 ming 866 ta holatda 6 milliard 961 million 704 ming so‘mlik qonunbuzarlik holatlari aniqlangan.
O‘lmas Barotov,
Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA