Kaya Kallas: Yevropa mahsulotlari Ukrainaga qarshi qurollarda paydo bo‘lmasligi kerak
Ukrainadagi ziddiyat to‘rtinchi yilga yaqinlashayotgan bir paytda Irlandiyadagi bir zavod atrofida kutilmagan savollar paydo bo‘ldi. OCCRP xalqaro jurnalistik surishtiruv markazi e’lon qilgan materialda Irlandiyada ishlab chiqarilayotgan alyuminiy xomashyosi Rossiyaga yetkazib berilayotgani haqida ma’lumotlar keltirilgan. Mazkur mahsulot alyuminiy ishlab chiqarishda qo‘llaniladi. Alyuminiy esa aviatsiya, harbiy texnika va dronlar tayyorlashda keng ishlatiladi.
Surishtiruv mualliflari ma’lumotlariga ko‘ra, Irlandiyadagi “Aughinish Alumina” korxonasi mahsulotining bir qismi RFdagi alyuminiy zavodlariga sotilgan. Keyinchalik bu metall Rossiya mudofaa sanoati bilan hamkorlik qiluvchi ayrim korxonalarga yetkazilgan bo‘lishi mumkin, biroq hozircha irland mahsuloti aniq qaysi raketa yoki dron tarkibida ishlatilgani isbotlangan emas.
Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat rahbari Kaya Kallas Dublinda o‘tkazilgan uchrashuvlar chog‘ida mazkur holatga oydinlik kiritish zarurligini aytdi. Uning fikricha, Yevropa hududida ishlab chiqarilgan mahsulotlar Ukraina aholisiga qarshi qo‘llanilayotgan qurollarda paydo bo‘lmasligi kerak. Irlandiya hukumati tekshiruv natijalari Yevropa Komissiyasiga taqdim etilishini ma’lum qildi.
Bu voqea bir zavod faoliyatidan ham kengroq masalani kun tartibiga olib chiqdi. So‘nggi yillarda Bryussel Rossiyaga qarshi o‘nlab sanksiya paketlarini qabul qildi, biroq ba’zi xomashyo turlari hali ham cheklovlar ro‘yxatiga kiritilmagan.
Musulmon Ziyo, O‘zA